Milliy she’riyatimizda o‘zining sohir yo‘lini kashf etgan va yetuk ijodiy maktab yaratgan hassos shoir Abdulla Oripov ma’naviy merosini targ‘ib qilish shubhasiz, bunday muhim jarayon davlat va jamiyat zimmasiga muayyan mas’uliyat yuklaydi. Ustoz Abdulla Oripovning she’rlari va dostonlari har jihatdan xuddi ana shunday oliy maqom sifatlarga ega hikmatlarga o‘xshaydi. Shu ma’noda 2020 yil 27 iyun kuni “Adiblar xiyoboni” da O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlab, “Gidromelioratsiya” fakultetining dekani A.Fatxulloyev boshchiligida professor-o‘qituvchilari va faol talabalari ishtirokida adabiy, ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Davlat madhiyasi matnining muallifi Abdulla Oripov ijodiy va hayotiy faoliyatini yana bir bor yod etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Abdulla Oripov bamisoli “mitti yulduz”dek hayotning baxtu g‘amlarga to‘la maydonida paydo bo‘lib, erkli bir mamlakat, hur bir xalq singari yashab, baxshilar tili bilan aytganda, davru davronini surib, adabiyot sahnida quyoshdek charaqlab va oydek yaraqlab o‘tdi. Yurtimiz kengliklarida bu ulug‘ insoniy qalb buloqlaridan qonib suv ichish va mangu oftob nurlaridan bahra olishdek samimiy istak, toza niyatlar mavji ortib borayotgandek. Abdulla Oripov ijodini ona yurt, Vatan tushunchalaridan ayro holda tasavvur qilish aslo mumkin emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, mehr - muhabbat va hikmatga to‘la bu ijodni she’riyatdagi Vatan, Vatandagi she’riyat deb ta’riflamoq o‘rinlidir.
Ushbu yorug‘ olamda ulug‘ shoirning o‘rnini ham boshqa birov egallay olmaydi. Abdulla Oripov yozganidek:
Men shoirman,
Istasangiz shu,
O‘zimniki erur shu so‘zim,
Birovlardan olmadim tuyg‘u,
O‘zgaga ham bermam ovozim.
Shunday ekan, milliy adabiyotimiz jilosiga jilo, qudratiga qudrat qo‘shgan Abdulla Oripov she’riyati mutolaasiga hamisha hamnafas bo‘laylik.
“Gidromelioratsiya” fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari O.Habibullaev axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati