Аbdulla Oripov o’zbek adabiyotini yangi bosqichga ko’targan noyob iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko’nglidan joy olgan. Bugun “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti jamoasi, fakulteti dekani Sh.Narbaev va Yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan muovini H.Eshova yoshlar ittifoqi yetakchisi H.Tojiboev hamda tyutorlarimiz Ibragimova Surayyo, Xursandova Dilafro’z, Vafoeva Manzura boshchiligida atoqli ijodkorning haykali poyiga gullar qo’yishdi. Аyniqsa, talaba-yoshlarimiz tomonidan "Аbdullaxonlik" she’riyat kechasi adabiyot shinavandalarini mushoiraga chorladi. Unda shoir ijodidan namunalar, Vatan haqidagi she’rlar aytildi.
Fakultet dekani Sh.Narbaev tadbir mazmun - mohiyati bilan bog’liq holda, o’z fikr-mulohazalarini aytib, tadbirni ochib berdi. Tadbirda so’zga chiqqanlar shoirning hayotiy kechinmalari va faoliyati borasida to’lqinlanib gapirib uning she’rlaridan ayrim namunalarni o’qib berishdi. Biz bilamiz bugungi kunda universitetda ham adibning ijodini targ’ib qilish maqsadida yo’l xaritasi ishlab chiqilib, shoir ijodi va hayot yo’liga bag’ishlangan ko’plab ma’naviy-ma’rifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar o’tkazildi. Bugungi o’tkazilgan tadbirda yozuvchilar uyushmasining yosh ijodkorlar bilan ishlash bo'limi boshlig'i Alisher Boymurodov o‘zining hazilomuz she'rlari bilan ishtirok etdi.
U yig’ilganlarga shoir ijodi hamda she’rlaridan namunalar o’qidi. Tadbir savol-javoblarga boy tarzda bo’lib o’tdi. Biz bilamizki, o’zbeklarga xos donishmandlik, bag’rikenglik, xokisorlik va andisha Аbdulla Oripov hayoti va ijodiga singib ketgan. Bunday e’tiroflar o’z-o’zidan dunyoga kelgan emas. Vatan qiyofasini badiiy aks ettiruvchi, uning dardlari, quvonchlari, orzu-umidlari, o’tmishi, kelajagini namoyon etuvchi xalqning vijdoni hisoblanadi. Аbdulla Oripov ana shunday shoirlar sirasidan sanaladi. Аyni paytda, ijodkor Vatanni ulug’lash bilan cheklanib qolmaydi. Uning qudratini namoyon qiluvchi kuch xalq ekanligini chuqur anglaydi. Shu sababli uning asarlarida Vatan bilan hamohang tarzda dovyurak va tanti, munis va mushfiq, insofli va diyonatli, inson boshiga tushishi mumkin bo’lgan barcha qiyinchiliklarni mardonavor yengib o’tgan, yorug’ kunlar kelishiga ishongan va bu yo’lda kurashgan xalqimizning halol, pok, samimiy qalbi namoyon bo’lib turadi. Boshqacha aytganda, shoir she’rlarida Vatanga baxshida qalbning va qalblarning tug’yonlarini aks ettirdi.
YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
Universitet matbuot xizmati