Serquyosh yurt kuychisiga ehtirom

2022 yilning 28 aprel kuni” "TIQXMMI" Milliy tadqiqot Universiteti rahbariyati hamda Yer ruesurslarini boshqarish fakulteti tyutorlari hamda faol talabalari poytaxtimizning muhtasham "Adiblar xiyoboni"ga tashrif buyurishdi. Bilamizki,"Adiblar xiyoboni" jami 24 nafar shoir va yozuvchilar haykallari jam bo'lgan tabarruk maskan. Qariyb ikki yildirki poytaxtimizdagi turli Oliy ta'lim muassasalari yoshlari, rahbarlarining tashrifi an'anaga aylanib ulgurgan.

Ana shu chiroyli an'ana amaliyotidagi dastlabki kun bilan bog’liq qiziqarli taassurotlar, Universitetimizga O'zbekiston Xalq shoiri, sevimli ijodkor Abdulla Oripovning biriktirilishi bilan bog'liq samimiy xotiralarni Universitetimiz rektori B.Mirzayev maroq ila so'ylab berdi. Barchaning yuragida shoir ijodi alangalangandek bo'ldi go’yo. Birinchi prorektor R.Choriyevning Universitetimiz iqtidorli ustozi Abduhakim Ahmedov tomonidan xalqimiz sevib tinglaydigan "Birinchi muhabbatim" she'rini jonli ijro etganida talabalarni jo'r bo'lishga undagani ham shoir satrlarining nechog'lik qalblardan joy olganiga yaqqol misol desak adashmaymiz. Tadbirga Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi Otabek Bozorov ham tashrif buyurib talabalar ko’zidagi ma’naviy chanqoqlik, shoir ijodiga hurmatning yuksak namunasiga guvoh bo’lganligini ta’kidladi hamda tashkilotchilarga, faol yoshlarga o’z minnatdorligini bildirdi.

Yoshlar bilan ishlash ma'naviyat va ma'rifat bo'limi boshlig'i Z. Haydarov ham shoir ijodining naqadar yurakka yaqinligi haqida alohida to'xtalib o'tdi. Shoir ijodi, hayotiga oid fikrlar fikrlarga, xotiralar xotiralarga ulanib ketdi. Mehmonimiz Anvar Mirzo o’z ijod namunalarini o’qish bilan birgalikda shoir bilan yuzma-yuz xotiralar haqida ham alohida so’zlab berdi. Tyutor Z.Nuraliyeva ham shoir ijodining rang-barangligi, qanchadan-qancha yosh ijodkorlarning she’r yozishiga turtki bergan ilm xazinasining sohibi ekanligi haqida to’xtalib ijodkor she’rlaridan, qolaversa o’z ijod namunasidan ham o’qib berdi.

Tadbir davomida fakultetning iqtidorli, she’riyatga va adabiyotga mehri baland talabalari tomonidan O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov ijodidan namunalar o‘qib berildi. Ko’tarinki kayfiyatda o’tgan tadbir dasturidan talabalar mamnun, shod. Ilohim, barcha o’tganlarning ruhi shod bo’lsin.

YeRB fakulteti dekan o‘rinbosari X.Eshova, "QSXET" fakulteti ta'lim-tarbiya maslahatchisi Z.Nuraliyeva  axboroti

Universitet matbuot xizmati