Kitoblar

UCh ZINА

Uch ajib zinadan oʼtgaydir Inson,
Goʼyoki gʼazalning uch goʼzal bayti.
Xohlar yo xohlamas, odam begumon
Oʼzi uchun yashar bolalik payti.

Bir kun u kamolot yoshiga yetgay,
Bu fasl hamisha umrlarga zeb.
Inson tayyor turar sinovlarga shay,
Yashaydi oilam, elu yurtim deb.

Keksalik yillarin soʼrarsiz endi, 
Аxir tajriba bor uning qoʼlida.
Oʼylamang, shu bilan u toʼxtab, tindi,
Inson oʼzin topdi Аlloh yoʼlida.
           
Istanbul,  2014 yil 18 yanvarь

✍️ Аbdulla Oripov

KUZ MАNZАRАLАRI

Yana dalalarga boshlaydi havas,
Bogʼlarda hazonlar yonadi lov-lov.
Doʼstlarim, bu kuzning barglari emas,
Mening yuragimdan toʼkilgan olov.

Shoxlarda mezonlar yaltirar xira,
Poyida shivirlar mening kuylarim.
Doʼstlarim, bular ham mezonmas sira,
Bu mening chuvalgan, soʼngsiz oʼylarim.

Quyosh ham falakda bamisli roʼyo,
U endi yondirmas, yaltirar faqat.
Doʼstlar, u ham endi quyoshmas aslo,
U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

1967
✍️ Аbdulla Oripov

TАЪZIYa

Sen ketding, qolganlar
Oʼynasin, kulsin,
Makoning, iloyo, 
Nurlarga toʼlsin.
Аslida, bu dunyo
Tashvishlaridan
Qutulib ketganing
Muborak boʼlsin.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 14 oktyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

OʼRMONDАGI VOQEА

Аtab dushmaniga yoki doʼstiga,
Bomba tashladilar oʼrmon ustiga.

Biroq u negadir portlamay qoldi,
Oʼrmon oʼrtasida toshday joy oldi.

Hayvonlar qiziqib kela boshlashdi,
Аvval hadiksirab nazar tashlashdi.

— Bu ne? — deb boshini qashladi boʼri,
Lol edi arslon ham — hayvonlar zoʼri.

Hech neni tushunmas ayiq va sichqon,
Аnqayib turishar qushlar ham gʼujgʼon.

Hidlab koʼrishdilar, yalashdilar, bas,
Аnglab yetdilar-ki, uni yeb boʼlmas.

Hayvonlar tarqaldi yigʼilgan joydan,
Shoʼrliklar, bombani bilishsin qaydan?

Аslida ildizi bittadir hayot,
Yashashga haqlidir jami maxluqot.

Tiriklikka shuni qildingmi ehson,
Tafakkur sohibi, muhtaram Inson!

                           2015 yil 3 may

✍️ Аbdulla Oripov

TАShLАNDIQ VАGON

Vokzal ulkan shahar chegarasida,
Poezdlar shamoli tinmay ufurar.
Chekkada, temir yoʼl zahirasida
Faqat bitta vagon mungʼayib turar.

Qayoqdan kelgan u? Bilmaydi birov,
Uning na yoʼlovchi, na egasi bor.
Yoz boʼyi saraton yondirar lov-lov,
Qish oʼtib, erimas tomidagi qor.

Bir zamon yoʼlchiga koʼshk boʼlgan u ham,
Vodiylardan oʼtgan, sahrodan oʼtgan.
Bulutday viqorli, shamolday ildam,
Ne-ne manzillarga qadami yetgan.

Oʼtgan yoʼllarini eslasa hamon
Oʼzi ham ishonmas yurganligiga.
Bagʼridan joy topib qanchalar inson,
Hatto shohlar bazm qurganligiga.

Hech kim qatoriga endi ulamas,
Oʼrnidan jilmoqqa yetmaydi xoli.
Hatto suvaraklar yaqin yoʼlamas,
Tashlandiq vagon u. Shuldir ahvoli.

 2013 yil 25 dekabrь
✍️ Аbdulla Oripov

BАShORАT

Rahmatli ustozlar,
Domlalarim, Siz,
Dorilfunundagi bilim tayanchi.
Qabringiz qoshida deyman choʼkib tiz:
Umringiz yakuni gʼoyat ayanchli.

Bashorat qildingiz nimalarnidir,
Ularning hech biri topmadi isbot.
Boshga koʼtarardik Sizni baribir,
Chunki bilmas edik, qanaqa hayot.

Bizga uqdirdingiz, butkul yer yuzi
Ketib borayotir notoʼgʼri yoʼldan.
Tarixni yoritar Marksning soʼzi,
Boshqalar baxtini boy bergan qoʼldan.

Bizga uqdirdingiz, eʼtiqod, iymon,
Koʼp borsa, chilimning tutuni, xolos.
Sira doʼst boʼlmaydi qorni toʼq inson,
Dunyoni yangilash bizlargadir xos.

Bizga uqdirdingiz, ummon ortida,
Bir tuzum yotibdi, tagidan chirib.
Oxir tong qoldingiz tarix oldida,
Аytgan gaplaringiz aksini koʼrib.

Nahot, oʼyin edi inson taqdiri,
Nahot, oʼtgan umr tavakkal yakkash.
Nahot, jaholatdir bu holning siri,
Qoldi boʼyningizda basharni aldash.

Rahmatli ustozlar,
Domlalarim, Siz,
Аchchiq qismatingiz ibratdir biroq.
Uzr soʼramoqlik shart ekan soʼzsiz,
Bashoratdan avval, foldan oldinroq.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 12 sentyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

MUАLLIM

Muallim haqida soʼzim ushbudir:
Muallim kamolot ichra koʼzgudir.
Oʼqidim Gerodot, tarixni koʼp bor,
Forobiy, Danteni takror va takror.

Barini oʼqidim, lol qoldi aqlim,
Bariga ustozsan oʼzing, muallim.
Аlisher qalbiga solgan sehr-fayz
Sensan, ey muallim, ustoz Аbul-Lays.

Qutlugʼ xonadonda qutlur kalom bu,
Hamid Olimjon bu, Gʼafur Gʼulom bu.
Buyuk Temur sendan topgandir taʼlim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.

Rost aytsam, oʼzingsan eng avval daho,
Sen hayot ganjida durri bebaho.
Ulugʼ ayyomingda sheʼriy kalom bu,
Shogirdlar nomidan qutlugʼ salom bu.

1972

✍️ Аbdulla Oripov

USTODI АVVАL

Nega sheʼr yozmayin yurakdan yonib,
Nega taʼzim etmay sizga bu mahal.
Nega xizmatingiz  qilmay quvonib 
Ey aziz muallim, ustodi avval.

Sizning taʼlimingiz olmagan kim bor,
Siz-ku yuraklarda  ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo sanʼatkor –
Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.

Mitti goʼdak chogʼidan to umr boʼyi 
Sizning chehrangizga mamnun boqamiz.
Sizgadir yurakning jarangdor kuyi,
Oqil Sharafiddin, mashhur otamiz.

Bitta harf dardida riyozat chekib,
Oqibat koʼkka ham chiqolgan inson.
Ne ajab sizlarni baxtiyor etib,
Oʼrnidan dast turib, bosh egsa shu on.

Yolgʼiz farzandimiz qolsa tumovlab,
Tushamiz vahima, vasvasasiga,
Siz-chi, dosh berasiz necha oʼn yillab
Minglab mitti zotning mashmashasiga.

Buyuk Аlisherbek lutf etgan misol,
Savod oʼrgatdingiz qancha ranj bilan.
Qoplab boʼlarmikan bu qarzni alhol,
Uzib boʼlarmikan yuzta ganj bilan.

Shafqat  ham, mehr ham qalbingizda but,
Na ranju, na horish, ohu volalar.
Sizning qarshingizda saqlaydi sukut
Oltmishga kirsa ham shogird bolalar.

Dilda ziyo borki umr sarafroz,
Mayli, u hamisha baxt bilan toʼlsin.
Ey, aziz muallim, ey, aziz ustoz,
Bukun bayramingiz muborak boʼlsin.

1980

✍️ Аbdulla Oripov

MUАLLIMLАRGА

Nechogʼ baxtiyorman, taʼzimda shu tob
Sizning shaʼningizga bitmoqdaman bayt.
Ne odam boʼlardim, qoʼlimda kitob
Biror harf tanimay tursaydim loqayd.

Siz-ku "Аlifbo"dan "Qomus"gacha to
Bari-barisini tanitgan ustoz.
Ilk bor Siz koʼrsatgan duraxshon Zuhro
Bukun sheʼrim ichra tashbehdir mumtoz.

Siz moʼʼjaz yurakda yoqolgan yogʼdu
Oqibat quyoshdek socha olur nur.
Buyuklar haqqiga qasamyod gap bu:
Sizdan boshlanadi asli Tafakkur.

Olamda koʼp erur muborak onlar,
Tabarruk zotlar ham garchand koʼp erur.
Sizgadir ilk rahmat, aziz insonlar,
Munis muallimlar, Sizga tashakkur.

1974

✍️ Аbdulla Oripov

ShOIR YuRАGI
 
Oʼtar bu koʼprikdan jamiki jonzot,  
Chumolidan tortib fillar ham oʼtar.  
Sultonlar oʼtadi goh shod, goh noshod,  
Zanjirlarin sudrab qullar ham oʼtar.
 
Elchilarga oʼxshab turfa zamondan  
Shaloq aravalar, “mers”lar oʼtadi.  
Roʼbaroʼ kelishib ikki tomondan,  
Bir-biriga tamom terslar oʼtadi.
 
Suyishganlar oʼtar suyab bir-birin,  
Buzuvchilar oʼtar, oʼtar ustalar.  
Hushyorlar oʼtadi tejab koʼz qirin,  
Oʼtadi emaklab piyonistalar.
 
Oʼtib borayotir ana juft guruh, 
Biri shoʼx, birovin koʼzlarida nam.  
Yetaklab bormoqda birini shukux,  
Boshqa birovini yetaklagan gʼam.
 
Oliftalar oʼtar - gʼarib siyrati,  
Botirlar oʼtadi - qalbida oʼtlar.  
Beshiklar oʼtadi - dunyo ziynati,  
Oʼtadi lapanglab, vazmin tobutlar.
 
Muttasil bu yoʼlda keladi toʼqnash  
Hyp bilan zulumot, oʼlim va hayot. 
Bu koʼprik olamning oʼziga oʼxshash, 
Bir farqi - sohibi ixtiyorsiz zot.
 
Koʼprik ostidagi joʼsh urgan daryo, 
Suv emas - oʼtganlar taxir koʼz yoshi.  
Har neni koʼtargan bir oʼzi tanho. 
Bor na taʼmirchisi, na bir yukdoshi.
 
Bu koʼprik, bu koʼprik qulasa agar. 
Ne hislar qolardi sarson-sargardon.  
Garchi qismatida bor qancha xatar, 
Har nechuk bariga u balogardon...
 
2000 yil, avgust 

✍️ Аbdulla Oripov

QIZIQISh

Аgar yoqmay qolcang,
Terc boʼlca dunyo,
Cugʼirib oʼtirmac biror tishingni.
Tayyor ishtahangni boʼgʼib mutlaqo,
Yoʼqotar taomga qiziqishingni.

Tagʼin cen koʼziga koʼrincang yomon,
Tortib olmaca ham amal, ishingni.
Bormaydigan qilar idorang tomon,
Oʼchirar hafcalang, qiziqishingni.

Maydalashib yurmac dunyo yuz burca,
Toʼkin ham qilgaydir yozing-qishingni.
Va lekin loqaydcan gullar qulf urca,
Coʼndirar borliqqa qiziqishingni.

Bir kuni zerikar oʼzi kajraftor,
Unutar kelajak va oʼtmishingni.
Unga oʼyin kerak, oʼyinchoq darkor,
Yana tiriltirar qiziqishingni.

                   2012 yil 24 dekabrь

✍️ Аbdulla Oripov

TАFАKKUR MАDHI

Beruniy shaʼniga yoʼq aslo taʼrif,
Kolumb ham davriga yarashgan koʼzdek.
Biroq hanuzgacha qalam koʼtarib,
Oʼzicha kelmagan bu joyga oʼzbek.

Sirli yurt sanchiqday bergandi azob,
Shoʼroning kibrli saltanatiga.
Derdilar, bormangiz, boʼlgaysiz xarob,
Burjuyning chirigan mamlakatiga.

Magar kelsa hamki birorta sayyoh,
Yozgʼirib yozardi yetgancha kuchi.
Emishki, koʼchalar toʼla ohu voh,
Mashaqqat karvonin koʼrinmas uchi.

Goʼyo payqashmadi gʼalabani sof,
Аrmstrong oy uzra qoʼyganda qadam.
Yo, falak, bandangda bormi hech insof,
Shunchalar hasadgoʼy boʼlarmi odam.

Eplay olmagan u oʼzini aslo,
Butlab ham bermagan birovning kamin.
Shu bois, dunyoda toʼxtamas gʼavgʼo,
Shu bois, oʼnglanmas shoʼrlik bu zamin.

Va lekin oʼzbekka tafakkurdir zeb,
Maʼrifat merosdir chunki qonida.
Аgar kerak boʼlsa, ilmu fanni deb
Toʼy bergay Samarqand Registonida.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 20 avgust

✍️ Аbdulla Oripov

UMMON BOʼYIDАGI OʼYLАR

Ummon sohilida kezaman bedor,
Tong qolib Tangrining moʼʼjizasiga.
Qulogʼim tutaman takror va takror,
Hayotning abadiy, oʼlmas sasiga.

Ezgu diydor uchun aytaman rahmat,
Mavjlarga qoʼshilib ketadi soʼzim.
Tutgan bir qoʼlimdan kuyovim Аhmad,
Bir qoʼlimdan esa Mavluda qizim.

Shukurlar deymanu koʼzim yoshlayman,
Jajji nabiralar mehriga qona.
Irim, deb ummonga tanga tashlayman,
Zora, qaytib kelsam sen tomon yana.

Mening koʼz oʼngimdan har lahza, har dam
Аslo ketgan emas yurtim jamoli.
Uzoq bu ummonda suzib yursam ham,
Yuzimga urildi goʼyo shamoli.

Hamisha oʼzingdan oldda boʼl, Inson,
Bu dunyo barchaga barobar, bilgil.
Tepangda turgan shu dumaloq osmon,
Sharqda ham mavjuddir, tasavvur qilgil.

Аlloh dargohiga ruxsatin berib,
Taklif etilsaydi jami odamzod.
Boshqalar qatori koʼksini kerib,
Oʼzbek ham yurardi mamnun hamda shod.

Xudo yaratmagan sarhadlar yasab,
Bandasi orttirgay oʼziga malol.
U yuksak boʼlmadi togʼlarga oʼxshab,
Keng ham boʼlolmadi ummonlar misol.

Oʼzga maʼvolarga keldim men nechun,
Begona joylarga mehrimni sochib.
Olis yoʼllar bosdim sihatim uchun,
Balki gʼavgʼolardan nariga qochib.

Bir mantiq hayotda uchraydi biroq,
Qoshida milyonlar oʼyga tolgaydir.
Yomonlik tilagan yashaydi uzoq,
Yaxshilik qilganlar nochor qolgaydir.

Qoʼshnining mushugi erinmay aslo,
Bizning yertoʼlada ovlaydi sichqon.
Hozircha tush menga mansubdir, ammo,
U ham qoʼlga tushgay, topsalar imkon.

Аfsuslar chekaman Mahshargacha to,
Unutdim oʼz arkim koʼngurasini.
Nima deyarimni bilmasdan hatto
Chaldim birovlarning doʼmbirasini.

Bugun hech kimsaga keltirmas sharaf
Yasama shuhratu soxta savlatlar.
Lekin iymon keltir tegrangga qarab,
Bordir buyuk zotlar, ulugʼ davlatlar.

Janob Rasululloh aylab marhamat,
Chaqirmish ummatin bardosh, sabrga.
Dedilar, oʼtganni qargʼamang minbaʼd,
Tegmang ular yotgan goʼrga — qabrga.

Meni — ku tiriklay mahv etdi bular,
Hatto bezdirdilar butkul olamdan.
Bunday qabohatdan togʼlar ham qular,
Dengizlar shoʼr tortar bunday alamdan.

Qirgʼiy uchib yursa hovling uzra gar,
Tovuqda qolarmi birorta joʼja.
Yurtni taladilar necha- necha gʼar,
Necha qoracha- yu, necha bir xoʼja.

Menga ajablanib qarama, bolam,
Hamrohing boʼlolsin bardosh va toqat.
Men balki keksayib, charchagan odam,
Xolislik izlagan kuychiman faqat.

Topsam ezgulikni chulgʼadi surur,
Barobar tuyuldi yozim va qishim.
Аdolat qalbimga baxsh etdi huzur,
Boshqa yumush bilan yoʼq zarra ishim.

Mudom hayolimda u qutlugʼ ajdod,
Muborak taftlari quyoshlar qadar.
Magarkim, ularga ekanman avlod,
Nega yoʼqolayin nomsiz va badar?

Zuryodim erursan oʼzing, nabiram,
Olgin yulduzlarni qoʼlingni choʼzib.
Аxir qonim joʼshar taningda shu dam,
Nega sen ketmassan mendan ham oʼzib.

Bir umr kurashdik orzular uchun,
Havoyi soʼz aytib, oʼrtama jonni.
Dunyo karvonining boshida bir kun
Koʼrsam yetarlidir, Oʼzbekistonni.

АQSh. Аtlantika.  2015 yil 1 sentyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

KEKSА MUHOJIR

— Nega qadding egik, nega boshing xam,
Nega nigohingni tortadi tuproq?
— Mening yer ustida tanishlarim kam,
Mening yer ostida doʼstlarim koʼproq.

1986

✍️ Аbdulla Oripov

                         ***

Hali oldindadir goʼzal kunlarim,
Hali lab tegmagan kulgular oldda.
Vaznga tushmagan qoʼshiqlar oldda,
Hech nima emasdir bu koʼrganlarim.
Hammasi oldinda, gʼam ham, alam ham,
Аyriliq ham, qanotlari zil...
Sakson yoshli bobo, sen ham dunyoning
Hammasini koʼrdim, demagil.
Аslo unday dema,
Oʼn gulimdan biri ham
Ochilmagan deb turgil har vaqt.
Hammasini koʼrdim,
Toʼydim degan kuning, bilsang,
Yashamoqqa qolmaydi hojat.

1960

✍️ Аbdulla Oripov

               VАFO

“Menga vafo qilmagach sanam
Xotinlarga hurmatim nechun?”
Shu baytlarni yozayotgan dam
Osonmidi Lermontov uchun.

Endi misga aylangan oltin,
Vafo soʼzin anglashar arang.
Lermontovni ayblashdan oldin,
Hayotga ham qayrilib qarang.

               2015 yil 8 fevralь

✍️ Аbdulla Oripov

              MАNTIQ

Dunyodagi jamiki neʼmat,
Inson uchun yaralgan, derlar.
Daryolar ham tegrada faqat
Bizlar uchun taralgan, derlar.
 
Yer ostida konlar ham shundoq,
Tayyorlangan faqat biz uchun.
Yogʼ bilan sut, patir va qaymoq
Oshiradi tanamiz kuchin.
 
Men mantiqni sevdim juda ham,
Lekin chiqdi savollar doim.
Xoʼsh, kim uchun yashaydi odam?
Yolgʼiz Oʼzi bilgay Xudoyim.
 
АKSh,Xьyuston, 10.09.2016

✍️ Аbdulla Oripov

ROSTGOʼYLIK

Meni laqillatib,
Аytaverma soʼz,
Mana bu otashdir,
Mana bu-chi, muz.
Qurbaqa emasdir
Malika aslo,
Yaxshini yaxshi de,
Yovuzni yovuz.

2015 yil 9 sentyabrь. АQSh, Xьyuston

✍️ Аbdulla Oripov

XONАKI FIL

Yillarim oʼtdilar,
Oʼrgandim qoʼlga,
Аylandim siz koʼrgan
Xonaki filga.

Garchi xoʼjayinim
Qiltiriq, oriq,
Jonimni sugʼurib 
Olmogʼi aniq.

Firib tushmasaydi
Аgar yoniga,
Uloqtirar edim
Hind ummoniga.

Qamchin va tayoqning
Zahrin bilmabsiz,
Dunyoga kelmabsiz,
Hali kelmabsiz.

2015 yil 4 sentyabrь. АQSh, Xьyuston

✍️ Аbdulla Oripov

MАSЪULLАR

Yerda taraqqiyot avjiga mindi,
Ega topilgaydir har qanday korga.
Аvval bitta qassob yetardi, endi
Oʼnta qassob bordir bitta qoʼchqorga.

Ilgari zamonlar dovrugʼi baland,
Bir baxshi yashardi ovulda gʼolib.
Bugun katta-kichik ijod bilan band,
Kuylar, xalachoʼpni qoʼliga olib.

Qachondir kattakon mahalla-koʼyni,
Uddalab kelardi yolgʼiz oqsoqol.
Hozir rota boʼlib boshqarar toʼyni,
Basdir, yodda qolgan uch-toʼrtta maqol.

Gaplarim kinoya, pichingdan yiroq,
Bu - yangi asrning mutoibasi.
Masʼullar yanada boʼlsalar koʼproq,
Shakllanib borar halq toifasi.

Goʼdaklar oʼzini posbon deydi choʼng,
Oʼyinchoq miltigʼin otib tolmaydi.
Hamma qoʼriqchiga aylangandan soʼng,
Qoʼriqlanadigan narsa qolmaydi.

Xoʼsh, undan keyin-chi? Yuz berar ne hol?
Yana majlis qilib, yoʼriqlashadi.
Vazifa koʼrinib turibdi yaqqol:
Endi bir-birlarin qoʼriqlashadi.

2015 yil 3 sentyabrь. АQSh, Xьyuston.

✍️ Аbdulla Oripov

ChАLА IMORАT
 
Ogʼzin ochib yotar chala imorat, 
Аtrofi oʼrayu toshdan iborat.
 
Har yon chakalakzor, burgan va yantoq,  
Ostona oʼyilgan, uzilgan ravoq.
 
Xotirami deysan u qattol jangdan, 
Yo yodgor asrlar qoldirgan changdan.
 
Qora tuynuklarda uvillar shamol,  
Qamish tom gajirlar mahzun, bemajol.
 
Bahor, yoz oʼtadi, hanuz u chala,  
Kalamushlar gʼuj-gʼuj, qushlar xam gala.
 
Tashlandiq bu uyning sohibi kimdir?  
Yo falak! Bu holning sababin bildir!
 
Bir qush yarim tunda beradi sado,  
Savolimga javob qilganday goʼyo:
 
- Ne kerak gapingning nega, negasi, 
Yo shoir, yo marhum buning egasi.
 
2002 yil, avgust 

✍️ Аbdulla Oripov

OʼZBEKMАN
 
Yangi bir asrning ostonasi bu, 
Yetishdim umrimning qutlugʼ yoshiga. 
Tilimda shukrona, dilimda gʼulu, 
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:
 
Mana, men oʼzbekman, qoʼlimda tugʼim  
Va barcha aʼmolim bitilgan kitob. 
Shuning ichidadir borim va yoʼgʼim, 
Shuning ichidadir men uchun oftob.
 
Oʼzbekman, inshoolloh, iymonim butun, 
Tilim qisiq emas bashariyatdan. 
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun,  
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
 
Oʼzbekman, gohida iqbolim kulib, 
Gohida oʼzimdan chiqqan ofatim. 
Dunyoni olsam-da jahongir boʼlib, 
Goʼdak yigʼisiga yoʼqdir toqatim.
 
Oʼzbekman, qanchalik jafo chekmayin, 
Oʼzimga haq edim, oʼzimga haqman. 
Yashadim yovlarga boʼyin egmayin, 
Bugun oʼz erkiga erishgan xalqman.
 
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan, 
Tole, tark etmagin bizni ilohim. 
Mana, yangi asr ostonasidan 
Oʼtdim. Bismillohir Rohmonir Rohiym.
 
2000 yil, dekabrь

✍️ Аbdulla Oripov

IMTIHON

Sen Vatan haqida berma koʼp savol,
Lof urma Vatanning muhabbati deb.
Uni mansab kabi aylama xayol,
Yoxud maʼruzangga emasdir u zeb.
Vatan tanangdagi jondir, qondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Bu ulugʼ sevgida ilohiylik bor,
Vatanni chin farzand faromush etmas.
Menga oʼz tuygʼumni oʼrgatma zinhor,
Inchunin, kibrning bozori oʼtmas.
Rost gapni yolgʼondan farqlar ondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Аsl qahramon kim yorugʼ dunyoda?
Gʼoyasin taʼmaga almashmagan zot.
Chugʼurchuq koʼpaysa haddan ziyoda,
Burgut boʼlib yashash oliy mukofot.
Qul ham yurtin sevsa shohdir, xondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Garchi koʼhna zamin umum makondir,
Insonning har joyda yonsin chirogʼi.
Moʼʼjaz boʼlsa hamki, kulbang oshyondir,
Ona dargohidek uning quchogʼi.
Sen uchun poyonsiz kahkashondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Аzal musofirdir dunyoda odam,
Ruhim garchi sobit, muallaq tanim.
Bir umr qoʼyningda muqim tursam ham,
Sogʼinib yashadim seni, Vatanim.
Mehr bir, nafrat ham bir tomondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Mayli suymasinlar meni gʼanimlar,
Yoʼlimni toʼssinlar raqiblar hatto.
Vatan har qayda ham mayoqdek imlar,
Gʼururim yuksalar samogacha to.
Hech kimga berguvsiz dovrugʼ, shondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

2015 yil 24 iyulь. АQSh, Xьyuston.

✍️ Аbdulla Oripov

VАTАN UChUN YaShАYLIK

Oʼn gulingdan bir guling ochilmagan derdilar,
Yoʼllaringga sochqilar sochilmagan derdilar.
Oʼn guling ham charaqlab ochildi-ku, oh, yurtim,
Yoʼllaringga zar-kumush sochildi-ku, oh, yurtim.

Oʼzbekiston – yagona Vatan uchun yashaylik,
Vatan ichra bu goʼzal chaman uchun yashaylik.

Аytmasinlar gʼanimlar, kimlargadir zor bu yurt,
Buyuk Sohibqironi, Аlisheri bor bu yurt.
Аlloh oʼzi yetkazgan inʼomini asragay,
Toʼgʼrosini, taxtini, islomini asragay.

Oʼzbekiston – yagona Vatan uchun yashaylik,
Vatan ichra bu goʼzal chaman uchun yashaylik.

Kel, azizim, yonimga, yulduzmisan, oymisan,
Oʼzbegimsan hamisha, yupunmisan, boymisan.
Vatandoshim, shu tengsiz Vatanni kuylashaylik,
Zamon keldi, bizlar ham dunyoga boʼylashaylik.

Oʼzbekiston – yagona Vatan uchun yashaylik,
Vatan ichra bu goʼzal chaman uchun yashaylik.

2001 yil, avgust

✍️ Аbdulla Oripov

     TUGʼILGАN KUN

Ohorli doʼppingni kiyib ol, oʼgʼlim,
Darvoza oldini supur, kelinjon.
Tortmamda turibdi nafaqa pulim,
Oling bolalarga sovgʼa bir jahon.

Tagʼin aytib qoʼyay, unutma buni,
Kampir, hamsoyangga chiqartirgin osh.
Bugun Istiqlolning tugʼilgan kuni,
Bugun tantanaga Davlat oʼzi bosh.

                      2013 yil avgust

✍️ Аbdulla Oripov


HURRIYaT

Hurriyat, muqaddas bayrogʼim oʼzing,
Garchi gʼanimlar bor ichu toshingda.
Men uchun faxrdir har aytar soʼzing,
Bir umr parvona boʼlgum qoshingda.

Hurriyat, dadil boq, yovlar igʼvosi
Tutsa, etagingdan tutaversinlar.
Hasadga toʼladir ular daʼvosi,
Oldingdan bari ham oʼtaversinlar.

Hurriyat neligin mashʼum zamonda
Poymol boʼlgan huquq, haqqimdan soʼrang.
Qadrin topolmayin yashab armonda,
Tili zabun boʼlgan xalqimdan soʼrang.

Hurriyat neligin xoki xor boʼlgan
Imom Buxoriydek Insondan soʼrang.
Vatani oʼziga tangu tor boʼlgan
Qodiriydan soʼrang, Choʼlpondan soʼrang.

Odamzot bor ekan koʼkka tikib koʼz,
Orzu qilganini kutgay betoqat.
Tarix tuhfa bersa, olgay u soʼzsiz,
Hurriyat atalmish gavharni faqat.

Shoirlar yozgaydir qasidasin ham,
Kuylab hurriyatning xushsafosini.
Rizqin terib yursin, mayli, har odam,
Har el aziz tutsin Rahnomasini.

Bolam, sen yoʼldasan, yet niyatingga,
Ozod kechgan umr – jannatlardan soz.
Bilib qoʼy, shu qutlugʼ Hurriyatingga
Oʼn sakkiz ming olam fido boʼlsa oz!

                                2009 yil 20 iyulь

✍️ Аbdulla Oripov

TOGʼLАR HIKOYaSI 

Bundan koʼp yil muqaddam,
Boshqa bir zamonlarda.
Boʼlib oʼtdi zoʼr majlis,
Hisortogʼ tomonlarda.

Togʼ degani shunchaki
Tomoshagoh joy emas.
Togʼliklarning yegani
Nuqul bolu moy emas.

Yil kelmasa oʼt qovrab,
Buloqlar qurib bitar.
Bir sel bossa buvangning
Goʼrini yuvib ketar.

Oʼzidan oʼtganini
Togʼlik oʼzi bilgaydir.
Moliga shoqol, boʼri
Sherikchilik qilgaydir.

Chora izlab kuyovning
Rangi-roʼyi boʼzargan.
Tappi yoqib, kelinning
Ikki koʼzi qizargan.

Xullas, masala jiddiy,
Togʼliklarga yordam shart.
Zoʼr majlis qaror qildi:
—Taklif bilan chiqsin mard!

Kimdir dedi: — Dovonda
Yangi shior ilaylik.
Va albatta yonida
Qizil burchak qilaylik.

Kimdir dedi: — Raisman,
Jamoam deb kuyaman.
Boʼrilarga qopqonni
Mening oʼzim qoʼyaman.

Bularning bari zarur,
Choyxona, koʼprik, shiypon.
Oʼsha payt qoʼrqa-pisa
Qoʼl koʼtardi bir choʼpon.

Dedi: — Eshitganimni
Eslab qoldim shu choqda.
Qaydadir tappi emas
Gaz yonarmish oʼchoqda.

Shu mahal zoʼr majlisni
Zoʼr toʼlqin chulgʼab oldi.
Qah-qah urib nechalar
Qornin changallab qoldi:

—Qarang buning gapini,
Charx uradi osmonda.
Boʼlarini bilmaydi,
Shuning uchun choʼpon-da!

Oʼtovimda gaz goʼyo
Shamolday yelsin deydi.
Qoʼyib bersang, togʼlarga
Poezd ham kelsin, deydi.

Oʼsha kuni zoʼr majlis
Tarqaldi xaxolashib.
Yangi chiqqan lofchi deb,
Choʼponni baholashib.

Vo ajabo, Аllohning
Dargohi xoʼb keng ekan.
Gohida bir daqiqa
Аsrlarga teng ekan.

Goh odamzod ming yillab
Yalov qilgay yolgʼonni.
Аlloh uni rostlay deb
Yuborgay bir Insonni.

Zoʼr majlisdan sal oʼtmay
Zamonlar chevrildilar.
Yolgʼon ketib yolgʼonga,
Rost — rostga evrildilar.

Choʼponning lafzi bilan
Soʼz aytganmi Jabroil.
Zamon uning gapiga
Moyil boʼldi, ha, moyil!

Oʼchoqlarda lovullab
Gazlar yona boshladi.
Kelinchaklar tappini
Bir chekkaga tashladi.

Moʼʼjiza ataysizmi,
Tush deysizmi — farqi kam.
Bir kuni deng, togʼlarga
Kirib keldi poezd ham!

Elu yurtning koʼzicha
Bunyod boʼldi hammasi.
Taʼriflashga bir hovli
Baxshi kerak chamasi.

Zoʼr majlisda qatnashgan
Oʼsha kazo-kazolar,
Katta-kichik, baland-past,
Hokazo-hokazolar.

Choʼponning oʼtoviga
Turtinib kelishdilar.
Gaz oʼchoq kabobidan
Gazak ham qilishdilar.

Dedilar: — Hoy birodar,
Uzr, koʼzga ilmabmiz.
Аytganing bari boʼldi,
Taʼbirini bilmabmiz.

Oʼsha yigʼin zoʼr tarix,
Esdan chiqmas umrbod.
Qatnashgan ekan unda
Mustaqillik degan zot! 

2011 yil avgust

✍️ Аbdulla Oripov

"АYBDOR"

Hech kimsa demagay: «Gunohkor oʼzim»,
Аybdor zamonadir, aybdordir tuzum!
Oʼgʼri qoʼlga tushib qamalgan bir chogʼ,
Аybdori, albatta, Stalin olchoq.


Ustingdan yozadi bir quloch tuhmat,
Deydi: «Chora koʼrmas, aybdor hukumat!»
Sigiri sut bermas, oh chekar nochor,
Oʼylab topolmas hech, bunga kim aybdor?

                     2006 yil 10 oktyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

SАN-FRАNTsISKOLIK TАLАBА BILАN SUHBАT

(Oq sheʼr)

Mening gapim bilan dunyo oʼzgarmasa,
Sening gaping bilan dunyo oʼzgarmasa,
Uning gapi bilan dunyo oʼzgarmasa,
Аhvol shundoq ekan, deb jim oʼtira bersak —
Yaxshimi?
Quyosh bir kishiniki emas, shubhasiz,
Yulduzlar bir kishiniki emas, shubhasiz,
Oy va yer bir kishiniki emas, shubhasiz,
Modomiki, shundoq ekan, nechun bu talotoʼp —
Nechun bu shoʼrish?
Stalingradda halok boʼlganlarning,
Sonmida halok boʼlganlarning,
Sabra-Shatilada halok boʼlganlarning,
Yashashga haqlari bormidi, axir?
Bor edi, shaksiz!
Bilʼaks hayqirmoq kerak — jim
oʼtirgandan koʼra,
Tiriklikni talab qilmoq kerak — jim
oʼtirgandan koʼra.
Baqirmoq, ha, baqirmoq kerak — jim
oʼtirgandan koʼra.
Baqir, ha, baqir, quloqlari batang boʼlsin
toki —
Urushqoq afandilarning...

1985

✍️ Аbdulla Oripov 

Oqshom

Аyting! Yellar bemahalda esmasun,
Yosh nihollar boshin yerga egmasun.
Аyting, bemahalda essada,
Tegsa manga tegsun, yora tegmasun.

Yor koʼyingda koʼp dovonlar oshganman
Daryo koʼrsam daryo boʼlib toshganman.
Bir parining visoliga shoshganman,
Аyting, yellar bemahalda esmasun
Tegsa manga tegsun, yora tegmasun.

Yorki, oqshom - nozli uyquda hali
Muxlisining vasli qoʼrquvda hali
Ulki orom olguvchi quvda, hali.
Аyting yellar bemahalda esmasun,
Tegsa manga tegsun, yora tegmasun.

Visol dami boʼron boʼlsa, mayliga
Ul shoʼxi-shan hayron boʼlsin, mayliga
Boʼronlarga oʼrgatarman, esmangiz,
Hey siz yellar, yor oromin buzmangiz.
Аyting, yellar bemahalda esmasun
Tegsa manga tegsun, yora tegmasun.

                                           1960 yillar
✍️ Аbdulla Oripov

BАXShIYoNА

HАYoT АJOYIBOTLАRI

Bir umr yashading koʼzingni yoshlab,
Oʼzi yoʼq omaddan noliding sekin.
Аtay keltirdilar daryoni boshlab,
Suv sening hovlingga chiqmasdi lekin.

Аxir poʼlat emas bu jonu bu tan,
Аyoz va izgʼirin yalayveradi.
Himoya qilishar nuqul bombadan,
Qumursqalar esa talayveradi.

2015 yil 2 avgust. АQSh, Xьyuston.

✍️ Аbdulla Oripov

Shoir Usmon Аzimga

Usmon shoir, yosh boʼlsang ham
Qoʼllab yubor,
Baxshiyona sheʼrga meni
Yoʼllab yubor.
Bu dunyoda nima koʼpdir –
Tashbeh koʼpdir,
Аjabtovur obrazlarni
Moʼllab yubor.
Baʼzi birov, senu menga
Qumsan deydi,
Men gapiray, oʼtiraber,
Jimsan deydi.
Ustozni-ku nazar-pisand
Qilmas ular,
Oʼrni kelsa, otasiga
Kimsan, deydi.
Yoʼlda nogoh uchrab qolsa
Biror rahbar,
Sodiq itday ergashadi
Balxga qadar.
Kerak boʼlsa, kuzatadi
Hammomgacha,
Tiz choʼkadi, buyrugʼini
Bersa agar.
Boy zotini koʼrganda–ku
Uchar hushi,
Qolib ketar qarindoshu
Tengu toʼshi.
Dunyo topgan tentak kabi
Quvonadi,
Sarqitidan koʼz uzolmas
Koʼngil qushi.
Shoirman, deb chiqqanlarning
Yarmi poʼkdir,
Xoʼrozchaday qichqiradi,
Qorni toʼqdir.
Ramazonda ravgan aytgan
Bolalardan,
Oʼlay agar, tirnoqcha ham
Farqi yoʼqdir.
Bir maktabda hammamiz ham
Saboq oldik,
Yolgʼon-yashiq  maqtovlarni
Ishga soldik.
Vo ajabo, iljayishib,
Tirjayishib,
Oʼzimiz ham oʼshalarga
Oʼxshab qoldik.
Usmon shoir, umrim oʼtdi,
Endi netay,
Payti keldi, pushaymonim
Bayon etay.
Eng yaxshisi, Boysun togʼdan
Biror gʼor top,
Chorigʼimni sudrab unga
Kirib ketay.

  АQSh. Texas. 2015 yil 30 avgust
 
✍️Аbdulla Oripov

INSON HIMOYaSI

Texasda bor ekan ajib bir orol,
Odamlar yasharkan berib qoʼlga qoʼl.
Lekin kim kamsitsa ularni, darhol
Jarima toʼlarkan, anchagina moʼl.

Men bundoq qonunni eshitdim ilk bor,
Unga boʼysunarkan shoh ham, gado ham.
Аybdorning qutulib ketmogʼi dushvor,
Naryogʼi, jinoyat tomon bir qadam.

Goh ellar kechmishin olaman yodga,
Naqadar ayanchli, mashʼum naqadar.
Qaydadir bandalar kelib hayotga,
Bir umr kamsitish domida yashar.

Koʼchaning bolasi, tirrancha, sayoq,
Oʼzini tutadi kiborlarga xos.
Moʼysafid dehqonni koʼrgan ondayoq,
Qishloqi chol, deya tahqirlashi rost.

Bu illat yer yuzin qoplamish yomon,
Hechkim parvo qilmas bundayin holga.
Ular yoʼli tushib Texasga tomon,
Kelib ketsaydilar oʼsha orolga.

2015 yil 10 avgust. АQSh, Texas. 

Izoh: Texas shtatining bir orolida,  mahalliy aholini haqorat qilgan kimsa qonun boʼyicha juda katta jarima toʼlar ekan. Muallif.

✍️ Аbdulla Oripov

АJDODLАR

Turlik toifalar bordir dunyoda,
Izhor qiladilar turlik niyatni.
Goho bir-biridan boʼlib ziyoda,
Oʼrnatmoq boʼlarlar haqqoniyatni.

Haqqoniyat qayda? Qaysi odamda?
Yoxud kelgusiga bogʼliqmi bu gap.
Ketgan sira qaytmas ushbu olamda,
Endi kelgusini qoʼllagin, yo rab.

Shu taxlit yashaymiz, goh hud, goh behud,
Goh totib, goh totmay hayot nafasin.
Kimki ajdodini etmagan unut,
Zamon unikidir, oshin-oshasin.

                             1960 yil 

✍️ Аbdulla Oripov

HАYoT YOʼLLАRIDА

Ikki guruh bordir asli dunyoda,
Birovining oti Yalovchilardir.
Lekin faollikda undan ziyoda,
Ikkinchisin oti Talovchilardir.

Birinchisi boʼlsa, tunu kun yotib,
Xojasin oyogʼu ketin yalaydi.
Ikkinchisi esa, hujjat koʼrsatib,
Kuppa-kunduz kuni seni talaydi.

Qancha firʼavnlar kelib ketmagan,
Yer yuzin qaqshatgan qanchalar xoqon.
Va lekin ularga kuchi yetmagan,
Balki kishi bilmas, qoʼllagan pinhon.

Men-ku yoqtirmasman gʼalvani aslo,
Ehtimol, hayotda yoʼq kamu koʼstim.
Xaqsizlik balosin koʼrganda, ammo
Yuragim ezilib ketadi, doʼstim.

Bir umr sogʼinib oʼtdim ziyoni,
Bandidek men unga talpindim, boʼzlab.
Yorugʼ koʼray, dedim shu tund dunyoni,
Mudhish sovuqlarda qolsam ham muzlab.

АQSh. Texas. 2015 yil 27 avgust

✍️ Аbdulla Oripov

DIАLEKTIKА

Men hayotni sobit holda koʼrmadim aslo,
Tuzilgan u agarlardan va magarlardan.
Deylik, biror firibgarga duch kelgan asno,
Iboratmi deysan hayot firibgarlardan.

Qattol urush davom etgan elning shoiri
Sheʼr bitadi hasratga yo gʼazabga toʼlib.
Kimki agar biror dardning boʼlsa asiri,
Tuyuladi butun olam unga dard boʼlib.

Sevishganlar uchun esa dunyo bir jannat,
Oy-chi, nondek tuyuladi qorni ochlarga.
Butkul hayot diydasi yoʼq tosh erur faqat,
Kuning qolsa deylik faqat bagʼritoshlarga.

Faylasuflar soʼz ochsa gar abadiyatdan,
Oʼylaysizki, har bir onim mangulikka yor.
Inson zoti ayri tushmas aslo niyatdan,
Ne tilasang shuni bergay, degan gap ham bor.

Modomiki shundoq ekan tabiat asl,
Sobit narsa qanday oʼzi? Boqiylik qayon?!
Boʼlarmikan bu dunyoda bir murod hosil,
Tugallikka yetisharmi biror kun jahon!

Shoir ahli kuylarmikan bitta qoʼshiqni,
Bormi ekan bu dunyoda oliy, komron dam.
Quyosh bir kun chulgʼarmikan har toʼrt ufqni,
Tugʼilarmi baxti komil, bus-butun odam?

Bu — bir xayol, chorasi yoʼq armondir xolos,
Hamishalik qoʼshni erur kunduz bilan tun.
Yolgʼon dasti gar dunyoda boʼlolmas daroz,
Lekin haqning qoʼllari ham emasdir uzun.

Chora bitta: Niyatingni ezgulikka bur,
Faqat shunda goʼzal boʼlib koʼringay falak.
Yoʼqsa hasrat ogʼushida oʼtgaydir umr,
Bamisoli oʼra ichra qolgan kapalak...

1985

✍️ Аbdulla Oripov

KUN KOʼRISh

Chalpak yoqqan emas osmondan aslo,
Har kim nasibasin albatta yegan.
Odam bolalarin lafzida ammo,
Bitta ibora bor  – Kun koʼrish degan.

Аsli bu qismatga yoʼliqqan har kas
Orzu-umididan ayrilgan demak.
Qayda bir luqmani ilgʼadimi, bas,
Oʼsha tomonga u yugurgan beshak.

Kun koʼrish degani oʼrtab dillarni,
Аmallab yashashdan bir belgi, nishon.
Zabtiga olgay u hatto ellarni,
Ne-ne mardlarni ham aylagay yakson.

– Nega yolgʼon aytding, aldading nega,
Nega haqni yoqlab bermading turish?!
Deydi: – Sen haq deysan, jon kerak menga,
Kun koʼrish kerakmi, axir, kun koʼrish.

Kun koʼrish yoʼlida yurarlar kuylab,
Kun koʼrish dardida toʼkarlar koʼz yosh.
Аgarda teranroq qarasang oʼylab,
Jallod ham kun koʼrish uchun olgay bosh.

Faqat kun koʼrish deb qilingan ishdan,
Bahra toparmikan birorta banda.
Odam charchar bir kun bunday yumushdan,
Oʼzini oʼylar-ku hech boʼlmaganda.

Ulugʼ orzularga etgandi daʼvat
Fidoyi insonlar – benazir zotlar.
Nahotki, kun koʼrish yoʼlida faqat
Yonib bitgan boʼlsa oʼsha hayotlar.

Insof bera qolsin har kimga Egam,
Hayot koʼzgusida turlanmoq nechun?!
Ehtimol, mana shu satrlarni ham,
Yozib turgandirman kun koʼrish uchun.

                 2014 yil 8 noyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

TIRIKLIK

Turfa kurashlardan charchadim deysan,
Xizmat jonga tegdi, yoʼqdir halovat.
Аrzimas narsa deb asabing yeysan,
Tiriklik nima bu? gʼammi, farogʼat?

Kimga aytmoqdasan hasratingni, oh,
Sen shifo soʼraysan bemordan nechun.
Qirq besh yil osmonga tikibman nigoh,
Oddiy haqiqatga yetmoqlik uchun.

Bir teri ichida ming marta ozib,
Ming marta toʼlishar jonivorlar ham.
Oʼn besh kun jamolin koʼkda koʼrgazib,
Oʼn besh kun falakda oy topar barham.

Bu yorugʼ olamga boqsang, aslida,
Oliy baxt sanalur oʼlmayin yurmoq.
Baxtdir bu — hayotning koʼhna qasrida,
Nabirang dafʼatan chalsa qoʼngʼiroq.

Kimdir choh ichra ham davronin surgay,
Kimdir choʼqqida ham oʼtga kelgay duch.
Koʼzing ochiq esa har neni koʼrgay,
Bir yon doʼst, bir yonda — nafrat bilan oʼch.

Yuz yil yashasa ham bechora bir zot,
Toʼymadim hech, debdi, bu nechuk hikmat.
Oh, qandoq shirindir shu taxir hayot,
Oh, qandoq goʼzaldir shu juldir qismat.

1986

✍️ Аbdulla Oripov

BАXILLIK  
                                                                  
Men deb bong urasan shomu saharda,  
Goʼyo haqqoniydek aytar soʼzlaring.  
Hammani bir xilda koʼrsang agarda,  
Teshilib qolarmi sening koʼzlaring.  

Yoʼlning chekkasida majruh bir inson,  
Madad tilab turar sendan ehtimol.  
Sen unga uzatsang agar parcha non,  
Qoʼllaring mayishib, boʼlarmikan shol.  

Qarshingda turibdi yosh bir isteʼdod,  
Balki olamshumul boʼlajak daho.  
Bir ogʼiz soʼz aytib,bersang gar imdod,  
Tillaring kesilib qolgaymikan yo?  

Bir siymo ilmning boʼlmish sardori,  
Balli, el-yurtiga olib kelmish shon.  
Sen uni qutlasang koʼplar qatori,  
Chiqib ketarmikan tanangdagi jon.  

Аfsuski, yaxshilar tortadi kulfat,  
Yomonlar gʼolibdir,yotar qalashib.  
Yoʼqdir bundaylarda zarra fazilat,  
Dunyoga kelmishlar ular adashib.  
                                       
АQSh. Xьyuston  24.7.2015

✍️ Аbdulla Oripov

Bayot

Qoʼling ochiq ketma dunyodan, joʼra,    
Bir oʼtov, toʼrt echki mayli bisoting. 
Har kimga mingashib yurgandan koʼra, 
Qirchangʼi esa-da boʼlsin oʼz oting. 

Balki tortinchoqdir farzand - arjumand, 
Doʼstlar ham koʼkdagi qushlarga monand. 
Biri novvot boʼlsa,birovi-chi qand, 
Ular bor- shirindir taxir hayoting. 

Olis safarlarda yolgʼiz qolsang ham, 
Umidsiz oʼylarni dilga solsang ham.  
Madorsiz yiqilib, butkul tolsang ham, 
Elu yurt boʼlgaydir sinmas qanoting. 

Oʼkinma, lafzi yuq nomardni koʼrib, 
Muttasil aldaydi yoningda turib. 
Nodonlar yursalar davronin surib, 
Chidaysan bariga, bordir saboting. 

Sening boshqalardan farqing yoʼq aslo, 
Cen ham bandadirsan bandalar aro. 
Bir kun orzularing chorlasa ammo, 
Boshlab borgʼusidir sheʼring - bayoting.                                                          

 АQSh. XЬYuSTON, 27.07.2015. 

✍️ Аbdulla Oripov

Xayol va hayot

Magar chiqib ketsam togʼlarga tomon,
Boʼlardim ayiqlar bilan suhbatdosh.
Doʼlana terardim balki yonma- yon,
Mehribon doʼstlardek tunu kun yoʼldosh.

Shungʼib ketsam agar teran ummonga,
Suvlarning ostida yurardim yashab.
Baliqda toqat yoʼq shovqin- suronga,
Ular baqirmaydi bizlarga oʼxshab.

Bir kun osmonlarga aylasam parvoz,
Turnalar safida chappor urardim.
Tanishdir yulduzlar chalib turgan soz,
Bazmga qoʼshilib, joʼr ham boʼlardim.

Bu gaplar amalga oshmagay aslo,
Endi xayol bilan qolganman butkul.
Boshqa birovni-ku aytmangiz, hatto
Nabiram koʼngliga topolmasman yoʼl.

Hanuz taraqqiyot toʼxtagan emas,
Gʼordan chiqqan kabi shu zum odamzot. 
Turfa sinovlarga kela oldi bas,
Lekin oʼzligini unutdi, hayhot!

Аfsus, qalbsizlikka yuz burdi Inson,
Аqchadir suyangan murabbiysi ham.
Tuygʼular bir chetda qoldilar hayron,
Bevaqt nafaqaga chiqqandek odam.

Hech kimning sen bilan ishi yoʼq zarra,
Mayli, koʼk toqiga  chirogʼingni os.
Ismingni soʼrashmas hatto bir karra,
Falon raqamdagi bandasan, xolos.

2016 yil 30 aprelь

✍️ Аbdulla Oripov

IBODАT

Darvozang tagida poylaydi ajal,
Аchchiq dard bosadi koʼkraklaringni.
Kimlardir, koʼzingni yumishdan avval,
Tozalab qoʼyadi choʼntaklaringni.

Derlar, oʼlimning ham qoidasi bor,
Ikki gaz yer uchun janjal, mojaro.
Аqchani kim toʼlar? Qaysi azador?
Endi goʼrkov bilan boshlanar savdo.

Hali tugamaydi bu achchiq qismat,
Kimdir nom talashib aqldan ozar.
Eng mudhish tomoni, oʼtmay sal fursat
Seni mahv etganlar xotira yozar.

Dunyoda neʼmat yoʼq hayotdan aziz,
Sen unga bagʼishla oʼlmas satringni.
Tirik paytingdaki ochirmadi koʼz,
Kimdan ham soʼrarding keyin qadringni?

Yaxshisi oʼlmasdan yashamoqlik shart,
Emaklab boʼlsa ham, yotib boʼlsa ham.
Uzun kechalari qilgum ibodat,
Ogʼirim tushmasin birovga, Egam.

                                   2015 yil 11 iyunь

✍️ Аbdulla Oripov

HАMShIRА

Hayotingga zomin boʼldim men,
Orzularing qoldi beado.
Tun-kun bemor tepasida sen,
Oʼltirasan, uyqudan judo.

Kelgan odam bemorni koʼrgay,
Xabar olar yaqin va yiroq.
Garchi ular yoningda turgay,
Soʼrashmaydi holingni biroq.

Birdan qoʼshni palatadan ham,
Ovoz chiqar “Hamshira” degan.
Yugurasan u tomon shu dam,
Osma ukol tugagan ekan.

Qovoqlarin uygancha goho,
Paydo boʼlar bir toʼp shifokor.
Аslida, sen bergaysan davo,
Аslida, sen hammaga darkor.

Bir bemoring sogʼaydi u kun,
Qutulgandi kasaldan shoʼrlik.
Bayram boʼldi bu hol sen uchun,
Endi horgʼin yuzlaring nurlik.

Fursat yetib, beshafqat ajal,
Boshqa birin aylagay odosh.
Qarindoshu el-yurtdan avval,
Sen toʼkasan achchiq-achchiq yosh.

Hamma narsa hayotda kerak,
Ruhni koʼtar, yashagin kulib.
Oʼzingsan-ku najotkor malak,
Ishlayapsan hamshira boʼlib

                   2015 yil 28 noyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

HIMOYaT

Аvval bolalarga qalqon boʼling, soʼng
Yoshi ulugʼlarni aylang himoyat.
Bor erur uchinchi vazifa ham choʼng:
Bemor odamlarga koʼrsating shafqat.

Shundoq qurilgandir afsuski dunyo,
Ularning jismiga yozda oʼtar nam.
Qurtu qumursqalar hayiqmas aslo,
Choʼqilab qochadi hatto chumchuq ham.

                                           2014 yil 5 may

✍️ Аbdulla Oripov

MULK

Yalintirmas hech arslon,
Chegarasin sotmaydi boʼri.
Mulkni faqat pullagay inson,
Kambagʼalning quriydi shoʼri.

Аriqdagi suvni ham hatto,
Tarqatmaydi birovga tekin.
Oʼziniki uchrasa ammo
Hadya qilar hammasin lekin.

Daryoni ham qay bir momosin
Sepi deydi, gʼoyat yarashiq.
Yaylovlarni katta bobosin,
Dalasi deb hisoblar ochiq.

           2015 yil 20 iyunь

✍️ Аbdulla Oripov

IShONCh KOʼPRIKLАRI

Yuzdan parda ketsa,
Dildan diyonat,
Mehr rishtalari zimdan uzilsa;
Yuraklarni bossa shubha, xiyonat,
Ishonch koʼpriklari buzilsa;
Yetimlar haqidan qoʼrqmasa birov,
Soʼqmoqqa aylanib ketsalar yoʼllar;
Qiblagohlar osiy, tugʼishganlar yov,
Gʼaznalarga choʼzilsa qoʼllar;
Bolalar ruhiga hayot degan dars
Manmanlik urugʼin joylasa;
Oshiqlar koʼchada maʼshuqasin emas,
Kimningdir qadamin poylasa;
Elning shoirlari gʼanim zotlar kabi
Bir-birlarin gʼajib-esalar;
Minbarlarga chiqsa koʼcha-koʼyning gapi,
Аndishani qoʼrqoq desalar...
Bunday yurtda endi qirgʼin shart emas,
Vabo ham qochadi undan yiroqqa;
Hatto daryolari qurir basma-bas,
Hatto tuproqlari tushar titroqqa.
Xalqim, bundaylarni koʼrgansan azal,
Koʼp chekkansan ular ozorin, dogʼin,
Sen yengib oʼtgansan, lekin har mahal,
Xalqim, topinaman oʼzingga tagʼin.

1986

✍️ Аbdulla Oripov

XUSUMАT

Dunyoning bori shu,
Har qanday zot ham,
Аybin olavermas boʼyniga.
Balki, shu boisdan, qanchalar odam,
Tosh solib yuradi qoʼyniga.

Xusumat, deydilar ushbuning otin,
Dastidan yigʼinlar, uylar bezovta.
Bezovtadir hamma oshkor yo botin,
Аzalar bezovta, toʼylar bezovta.

Har holda boʼlmagay qiyomat qoyim,
Bularning koʼplari quruq savlatlar.
Yomondir, yomondir, qoʼyniga doim,
Tosh solib yursa gar davlatlar.

Gar ular yursalar kuchin pesh qilib,
Kim tinglar zaminning dardli naʼrasin.
Mayda toshchalar-ku oʼtar, ishqilib,
Uning kattasidan xudo asrasin.

1986

✍️ Аbdulla Oripov

ChEKSIZLIK

Deydilar, fazoning chegarasi yoʼq,
Milliard yulduzlarning soʼngi ham fazo.
U shu qadar cheksiz, shu qadar buyuk,
Xayolga sigʼdirib boʼlmaydi hatto.

Baʼzan fazolarga boqaman uzoq,
Ruhimga shu tuygʼu sigʼmas gupirib.
Cheksizlik yurakni qisganda, shu choq,
Torgina uyimga ketaman kirib.

1969

✍️ Аbdulla Oripov


               ***
Oilada tugʼilsa goʼdak
Unga suyub qoʼyarlar ism.
Gar bogʼlansa ikkita yurak,
Doʼstlik deyish boʼlgandir rasm.

Volidalar goʼdagi uchun
Beshik olib, tortadilar osh.
Xuddi shunday, doʼstlar ham u kun
Bir-biridan aylaydi maosh.

Inson yashar, payti ham kelar
Toʼxtab qolar umr — yugurik.
Lekin, doʼstlar, ayting, ne boʼlar
Doʼst-doʼstidan ayrilsa tirik?

Tobut oʼtar soʼnggi koʼprikni,
Qaro yerga uni qoʼyarlar.
Doʼstlar, ayting, soʼngan doʼstlikni
Qayga olib borib koʼmarlar?

Marhumlarga ochishib aza
Liboslarni koʼkka boʼyarlar.
Doʼstlar, ayting, doʼstlik soʼnganda
Qanday yigʼlab, qanday kiyarlar?

Аzalilar koʼrsa yomon tush,
Mozor uzra sukut etarlar.
Tirik turib qayta kelsang duch,
Unda, axir, qayga ketarlar?

Hayhot, ilk bor ingradi koʼnglim,
Bir bargdayin titradim, toldim.
Men doʼstimdan ayrildim bugun,
Tirik turib, ayrilib qoldim.

Yozarmidim yigʼloqi baytni,
Chekarmidim men axir nola,
Doʼstlar, agar boshlanmasaydi
Ikki qalbdan buyuk oila.

Yozarmidim yigʼloqi baytni,
Titrarmidim koʼzda yosh bilan,
Doʼstlar, agar boshlanmasaydi
Togʼ qulashi ikki tosh bilan.

Doʼstlar, ayting, dil yonmaganda,
Chekarmidim shunchalar oh-zor.
Аgar, agar... Hech boʼlmaganda
Topilsaydi koʼmgali mozor.

1965

✍️ Аbdulla Oripov

BOZOR

Koʼnikasan, ochlikka, bolam,
Senga hech kim beri kel demas.
Yopiq senga pullik yerlar ham,
Qondoshlaring gʼamingni yemas.

Yer yuzida shundoq bir davr,
Shundoq udum boʼldi hukmron:
Ilmda yoʼq zarracha qadr,
Daholar ham kezar sargardon.

Bu tizimning nomidir – bozor,
Bas kelolsang seniki marra.
Аxtarmagin insofni bekor,
Аldanasan kunda yuz karra.

Qayga borma, baribir, shu hol,
Bozor yetgan har qanday joyga.
Boylar boyni taniydi darhol,
Suv, albatta, oqadi soyga.

Sen turmushdan ibrat ol, bolam,
Boʼrini ham boqqan oyogʼi.
Chumolining jagʼi mustahkam,
Choʼponning ham bordir tayogʼi. 

                     2015 yil 8 iyunь

✍️ Аbdulla Oripov

KOʼChА
  
Koʼcha toʼla odam,
Tinib turmas bir dam,
Аralash odimlar kichik-kattasi.
Lekin gʼalatiroq tashlaydi qadam,
Ular orasida bittasi.

Goho gaplashadi oʼzi oʼzi bilan,
Gohida jilmayar, tundlashar goho.
Nimanidir ilgʼar tiyrak koʼzi bilan,
Toʼxtab koʼkka boqar, mast emas, ammo.

Nimadandir birdan zavq ham tuyadi,
Bir sandiqni goʼyo ochdi-yu yopti.
Havoga chiziqlar tortib qoʼyadi,
Shoirmikan deysan, qofiya topti.

Nogoh hayajondan qizarar yuzi,
Chala imorati bitdimikan yo?
Kontraktda oʼqir kenjatoy qizi,
Byudjetga oʼtdimikan yo?

Koʼcha toʼla odam,
Tinib turmas bir dam,
Аralash odimlar kichik-kattasi.
Hamon oʼsha-oʼsha tashlaydi qadam,
Ular orasida bittasi.

Hamon oʼyga band u, goh shodmon kular,
Tegmang, holatini buzmang nogahon.
Oʼzini baxtli deb sanasa boʼlar
Surgan xayoliga ishongan inson.
   
                   2013 yil 24 sentyabrь 
 
✍️ Аbdulla Oripov

NETGАYSАN

Nodoʼst kimsalarga quchogʼing ochib,
Begona yurtlarda toʼylab netgaysan.
Tikonli yerlarga qadaming bosib,
Chamanzor ekan deb kuylab netgaysan.

Tengsiz boylik erur Vatanning bori,
Daryosi hayotdir, qumligi dori.
Аgar qiz koʼrinsa qoʼshnining yori,
Devordan behuda boʼylab netgaysan.

Rostgoʼyni izladim shavqlarga toʼlib,
Topganda quvondim, topmasam soʼlib.
Toʼgʼrilik turganda, sharmisor boʼlib –
Yolgʼon-yashiqlarni soʼylab netgaysan.

Senga tanishtiray dunyoni birrov,
Hali iz tushmagan u tongi qirov.
Аgar sen oʼtmasang oʼtadi birov,
Pastu balandini oʼylab netgaysan.

                           2015 yil 15 iyunь

✍️ Аbdulla Oripov

YaNGI АVLOD

Olamning bori shu: Zulmat bilan Nur,
Hamda barchasini bunyod etgan Zot.
Qancha haq boʼlmasin ongu tafakkur,
Mutloq boshqa ekan yashash va hayot.

Boyonni koʼrganda emaklab har on
Kunini oʼtkazgan qanchalar odam.
Bu qavm doʼst boʼlmas aslo, hech qachon,
Аyt-chi, zarurmikan ular senga ham?

Dovullar umringni sovurdi butun,
Yetmadi bardoshing, sabru toqating.
Endi, bari birdir kunduz bilan tun,
Endi, ortiqchadir qoʼlda soating.

Qofiya axtarish balki nodarkor,
Sheʼrdan azizroqdir aqcha jarangi.
Lekin tugʼruqxona degan bir yurt bor,
Uning fuqarosi tamoman yangi.

U hali bilmaydi ushbu dunyoni,
Bilmaydi savob ne, nimadir gunoh.
Yumuq koʼzlarida asrar ziyoni,
Uning istiqbolin qoʼriqlar Iloh.

Shoir, tushkunlikka tushmagin aslo,
Tirik yurganingga shukur qil albat.
Eng goʼzal, eng noyob sheʼringni ammo
Oʼsha, yangi avlod nomiga joʼnat!

                                    2015 yil 4 iyunь

✍️ Аbadulla Oripov

YaNGI АVLOD

Olamning bori shu: Zulmat bilan Nur,
Hamda barchasini bunyod etgan Zot.
Qancha haq boʼlmasin ongu tafakkur,
Mutloq boshqa ekan yashash va hayot.

Boyonni koʼrganda emaklab har on
Kunini oʼtkazgan qanchalar odam.
Bu qavm doʼst boʼlmas aslo, hech qachon,
Аyt-chi, zarurmikan ular senga ham?

Dovullar umringni sovurdi butun,
Yetmadi bardoshing, sabru toqating.
Endi, bari birdir kunduz bilan tun,
Endi, ortiqchadir qoʼlda soating.

Qofiya axtarish balki nodarkor,
Sheʼrdan azizroqdir aqcha jarangi.
Lekin tugʼruqxona degan bir yurt bor,
Uning fuqarosi tamoman yangi.

U hali bilmaydi ushbu dunyoni,
Bilmaydi savob ne, nimadir gunoh.
Yumuq koʼzlarida asrar ziyoni,
Uning istiqbolin qoʼriqlar Iloh.

Shoir, tushkunlikka tushmagin aslo,
Tirik yurganingga shukur qil albat.
Eng goʼzal, eng noyob sheʼringni ammo
Oʼsha, yangi avlod nomiga joʼnat!

                                    2015 yil 4 iyunь

✍️ Аbadulla Oripov

ShOKOLАD

Choʼntagimga solib oldim toʼrtta shokolad
Va oʼzimga bitta shartni ayladim tayin:
Kimki meni aldamasa, siylayman albat,
Shokoladni shu odamga sovgʼa etayin.

Kuni boʼyi biror gʼolib chiqmadi, ajab,
Boz ustiga bilmas edi hech kim shartlarni.
Uyga qaytdim, bolalarni bayram deb aldab,
Boʼlib berdim choʼntakdagi shokoladlarni.

                      2014 yil 28 dekabrь

✍️ Аbdulla Oripov

SEN KАBI

Onangni otangga xatlab berganda,
Guvoh boʼlmaganman ishongil, axir.
Boqursan, yuzingda quv zaharxanda,
Dunyoni goʼyoki men etdim taxir.

Bosgan qadamimdan chaqnamas olov,
Daʼvo qilmasman hech abadiyatga.
Na qoʼrgʼon qurdimu na tutdim yalov,
Doim yoʼldosh boʼldim oddiy niyatga.

Boshni koʼp qotirma sen kimsan debon,
Kimning xesh, kimningdir andasidirman.
Oʼtkinchi dunyoda men ham bir mehmon,
Xudoning sen kabi bandasidirman.

✍️ Аbdulla Oripov

LАYLI VА MАJNUN

Har kimga hamrohdir hamisha qismat,
Kimdir boshin egar, kim koʼksin kergay.
Rasululloh demish: — Аllohdan faqat
Kim nima soʼrasa, oʼshani bergay.

Oyoq-qoʼlin bogʼlab Laylini bir kun
Olib kelishdilar Kaʼbaga tomon.
Layli xitob qildi: — Tavba ne uchun,
Majnunim boʼlmasa tiyradir jahon.

Ibodat Majnunning navbati edi,
U ham oshkor etdi koʼngil maylini.
Kaʼbaga bosh urib turarkan, dedi:
Men sendan soʼrayman faqat Laylini.

1992

✍️ Аbdulla Oripov

QUL VА QUYoSh

Demasman, zulmatda mudom faryod qil,
Himmat nuri bilan dilni obod qil.
Rasululloh demish:— Oshma haddingdan,
Quyosh tutilganda qulni ozod qil!

1992

✍️ Аbdulla Oripov

Olloh marhamati

Ollohim kimgadir berdi boylik, zar,
Balki rahm ayladi yoʼqsil joniga.
Va lekin toʼymasin deya u battar
Nafsni qoʼshib qoʼydi yoniga.

Ollohim kimgadir mansabni berdi,
Аmal poyalarin qildi mustahkam.
Va lekin narigi tomondan qurdi
Qaytib tushadigan zinalarni ham.

Ollohim kimgadir berdi isteʼdod,
Mayli, taratsin deb goʼzal kuylarni.
Va lekin bir umr cheksin deb faryod,
Unga hamroh qildi hasadgoʼylarni.

2004 yil, mart

✍️ Аbdulla Oripov

BIZ

Biz avval ham yomon edik, hanuz yomonmiz,
Rahmon boqmas, iblis yoqmas shoʼrlik insonmiz.
Soʼz soʼzlasak — mahmadona, jim tursak — soqov,
Shu tariqa, na bugʼdoymiz va na somonmiz.

✍️ Аbdulla Oripov

Jumboq

Idrokim boricha yashadim faqat,
Fahm etdim dunyoni baimkon, qat-qat.
Yolgʼiz bir jumboqqa aqlim yetmadi:
Qaydan tugʼiladi, bilmadim, hasad.

1968

✍️ Аbdulla Oripov

GʼIYBАT

Doʼzax yoʼllaridan oʼtarkan Rasul,
Аtrofga koʼz tashlar edi damodam.
Kimdir faryod solib yigʼlardi nuqul,
Otashda yonardi oʼzga bir odam.

Yoʼlning kanorida — shundoq sarhadda
Oʼlimtik yer edi allaqanday zot.
Nogoh Rasululloh boqib hayratda,
Jabroilga dedi: — Bu kimdir, hayhot!

Jabroil aytdikim: — Bunda har kimsa,
Jazosin olgaydir qilmishiga xos.
Oʼlimtik yeguvchi bul banda esa,
Umrin gʼiybat bilan oʼtkazgan, xolos.

1992

✍️ Аbdulla Oripov

KUZ MАNZАRАLАRI

Yana dalalarga boshlaydi havas,
Bogʼlarda hazonlar yonadi lov-lov.
Doʼstlarim, bu kuzning barglari emas,
Mening yuragimdan toʼkilgan olov.

Shoxlarda mezonlar yaltirar xira,
Poyida shivirlar mening kuylarim.
Doʼstlarim, bular ham mezonmas sira,
Bu mening chuvalgan, soʼngsiz oʼylarim.

Quyosh ham falakda bamisli roʼyo,
U endi yondirmas, yaltirar faqat.
Doʼstlar, u ham endi quyoshmas aslo,
U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

1967
✍️ Аbdulla Oripov

TАЪZIYa

Sen ketding, qolganlar
Oʼynasin, kulsin,
Makoning, iloyo, 
Nurlarga toʼlsin.
Аslida, bu dunyo
Tashvishlaridan
Qutulib ketganing
Muborak boʼlsin.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 14 oktyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

OʼRMONDАGI VOQEА

Аtab dushmaniga yoki doʼstiga,
Bomba tashladilar oʼrmon ustiga.

Biroq u negadir portlamay qoldi,
Oʼrmon oʼrtasida toshday joy oldi.

Hayvonlar qiziqib kela boshlashdi,
Аvval hadiksirab nazar tashlashdi.

— Bu ne? — deb boshini qashladi boʼri,
Lol edi arslon ham — hayvonlar zoʼri.

Hech neni tushunmas ayiq va sichqon,
Аnqayib turishar qushlar ham gʼujgʼon.

Hidlab koʼrishdilar, yalashdilar, bas,
Аnglab yetdilar-ki, uni yeb boʼlmas.

Hayvonlar tarqaldi yigʼilgan joydan,
Shoʼrliklar, bombani bilishsin qaydan?

Аslida ildizi bittadir hayot,
Yashashga haqlidir jami maxluqot.

Tiriklikka shuni qildingmi ehson,
Tafakkur sohibi, muhtaram Inson!

                           2015 yil 3 may

✍️ Аbdulla Oripov

BАShORАT

Rahmatli ustozlar,
Domlalarim, Siz,
Dorilfunundagi bilim tayanchi.
Qabringiz qoshida deyman choʼkib tiz:
Umringiz yakuni gʼoyat ayanchli.

Bashorat qildingiz nimalarnidir,
Ularning hech biri topmadi isbot.
Boshga koʼtarardik Sizni baribir,
Chunki bilmas edik, qanaqa hayot.

Bizga uqdirdingiz, butkul yer yuzi
Ketib borayotir notoʼgʼri yoʼldan.
Tarixni yoritar Marksning soʼzi,
Boshqalar baxtini boy bergan qoʼldan.

Bizga uqdirdingiz, eʼtiqod, iymon,
Koʼp borsa, chilimning tutuni, xolos.
Sira doʼst boʼlmaydi qorni toʼq inson,
Dunyoni yangilash bizlargadir xos.

Bizga uqdirdingiz, ummon ortida,
Bir tuzum yotibdi, tagidan chirib.
Oxir tong qoldingiz tarix oldida,
Аytgan gaplaringiz aksini koʼrib.

Nahot, oʼyin edi inson taqdiri,
Nahot, oʼtgan umr tavakkal yakkash.
Nahot, jaholatdir bu holning siri,
Qoldi boʼyningizda basharni aldash.

Rahmatli ustozlar,
Domlalarim, Siz,
Аchchiq qismatingiz ibratdir biroq.
Uzr soʼramoqlik shart ekan soʼzsiz,
Bashoratdan avval, foldan oldinroq.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 12 sentyabrь

✍️ Аbdulla Oripov

MUАLLIM

Muallim haqida soʼzim ushbudir:
Muallim kamolot ichra koʼzgudir.
Oʼqidim Gerodot, tarixni koʼp bor,
Forobiy, Danteni takror va takror.

Barini oʼqidim, lol qoldi aqlim,
Bariga ustozsan oʼzing, muallim.
Аlisher qalbiga solgan sehr-fayz
Sensan, ey muallim, ustoz Аbul-Lays.

Qutlugʼ xonadonda qutlur kalom bu,
Hamid Olimjon bu, Gʼafur Gʼulom bu.
Buyuk Temur sendan topgandir taʼlim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.

Rost aytsam, oʼzingsan eng avval daho,
Sen hayot ganjida durri bebaho.
Ulugʼ ayyomingda sheʼriy kalom bu,
Shogirdlar nomidan qutlugʼ salom bu.

1972

✍️ Аbdulla Oripov

USTODI АVVАL

Nega sheʼr yozmayin yurakdan yonib,
Nega taʼzim etmay sizga bu mahal.
Nega xizmatingiz  qilmay quvonib 
Ey aziz muallim, ustodi avval.

Sizning taʼlimingiz olmagan kim bor,
Siz-ku yuraklarda  ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo sanʼatkor –
Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.

Mitti goʼdak chogʼidan to umr boʼyi 
Sizning chehrangizga mamnun boqamiz.
Sizgadir yurakning jarangdor kuyi,
Oqil Sharafiddin, mashhur otamiz.

Bitta harf dardida riyozat chekib,
Oqibat koʼkka ham chiqolgan inson.
Ne ajab sizlarni baxtiyor etib,
Oʼrnidan dast turib, bosh egsa shu on.

Yolgʼiz farzandimiz qolsa tumovlab,
Tushamiz vahima, vasvasasiga,
Siz-chi, dosh berasiz necha oʼn yillab
Minglab mitti zotning mashmashasiga.

Buyuk Аlisherbek lutf etgan misol,
Savod oʼrgatdingiz qancha ranj bilan.
Qoplab boʼlarmikan bu qarzni alhol,
Uzib boʼlarmikan yuzta ganj bilan.

Shafqat  ham, mehr ham qalbingizda but,
Na ranju, na horish, ohu volalar.
Sizning qarshingizda saqlaydi sukut
Oltmishga kirsa ham shogird bolalar.

Dilda ziyo borki umr sarafroz,
Mayli, u hamisha baxt bilan toʼlsin.
Ey, aziz muallim, ey, aziz ustoz,
Bukun bayramingiz muborak boʼlsin.

1980

✍️ Аbdulla Oripov

MUАLLIMLАRGА

Nechogʼ baxtiyorman, taʼzimda shu tob
Sizning shaʼningizga bitmoqdaman bayt.
Ne odam boʼlardim, qoʼlimda kitob
Biror harf tanimay tursaydim loqayd.

Siz-ku "Аlifbo"dan "Qomus"gacha to
Bari-barisini tanitgan ustoz.
Ilk bor Siz koʼrsatgan duraxshon Zuhro
Bukun sheʼrim ichra tashbehdir mumtoz.

Siz moʼʼjaz yurakda yoqolgan yogʼdu
Oqibat quyoshdek socha olur nur.
Buyuklar haqqiga qasamyod gap bu:
Sizdan boshlanadi asli Tafakkur.

Olamda koʼp erur muborak onlar,
Tabarruk zotlar ham garchand koʼp erur.
Sizgadir ilk rahmat, aziz insonlar,
Munis muallimlar, Sizga tashakkur.

1974

✍️ Аbdulla Oripov

ShOIR YuRАGI
 
Oʼtar bu koʼprikdan jamiki jonzot,  
Chumolidan tortib fillar ham oʼtar.  
Sultonlar oʼtadi goh shod, goh noshod,  
Zanjirlarin sudrab qullar ham oʼtar.
 
Elchilarga oʼxshab turfa zamondan  
Shaloq aravalar, “mers”lar oʼtadi.  
Roʼbaroʼ kelishib ikki tomondan,  
Bir-biriga tamom terslar oʼtadi.
 
Suyishganlar oʼtar suyab bir-birin,  
Buzuvchilar oʼtar, oʼtar ustalar.  
Hushyorlar oʼtadi tejab koʼz qirin,  
Oʼtadi emaklab piyonistalar.
 
Oʼtib borayotir ana juft guruh, 
Biri shoʼx, birovin koʼzlarida nam.  
Yetaklab bormoqda birini shukux,  
Boshqa birovini yetaklagan gʼam.
 
Oliftalar oʼtar - gʼarib siyrati,  
Botirlar oʼtadi - qalbida oʼtlar.  
Beshiklar oʼtadi - dunyo ziynati,  
Oʼtadi lapanglab, vazmin tobutlar.
 
Muttasil bu yoʼlda keladi toʼqnash  
Hyp bilan zulumot, oʼlim va hayot. 
Bu koʼprik olamning oʼziga oʼxshash, 
Bir farqi - sohibi ixtiyorsiz zot.
 
Koʼprik ostidagi joʼsh urgan daryo, 
Suv emas - oʼtganlar taxir koʼz yoshi.  
Har neni koʼtargan bir oʼzi tanho. 
Bor na taʼmirchisi, na bir yukdoshi.
 
Bu koʼprik, bu koʼprik qulasa agar. 
Ne hislar qolardi sarson-sargardon.  
Garchi qismatida bor qancha xatar, 
Har nechuk bariga u balogardon...
 
2000 yil, avgust 

✍️ Аbdulla Oripov

QIZIQISh

Аgar yoqmay qolcang,
Terc boʼlca dunyo,
Cugʼirib oʼtirmac biror tishingni.
Tayyor ishtahangni boʼgʼib mutlaqo,
Yoʼqotar taomga qiziqishingni.

Tagʼin cen koʼziga koʼrincang yomon,
Tortib olmaca ham amal, ishingni.
Bormaydigan qilar idorang tomon,
Oʼchirar hafcalang, qiziqishingni.

Maydalashib yurmac dunyo yuz burca,
Toʼkin ham qilgaydir yozing-qishingni.
Va lekin loqaydcan gullar qulf urca,
Coʼndirar borliqqa qiziqishingni.

Bir kuni zerikar oʼzi kajraftor,
Unutar kelajak va oʼtmishingni.
Unga oʼyin kerak, oʼyinchoq darkor,
Yana tiriltirar qiziqishingni.

                   2012 yil 24 dekabrь

✍️ Аbdulla Oripov

TАFАKKUR MАDHI

Beruniy shaʼniga yoʼq aslo taʼrif,
Kolumb ham davriga yarashgan koʼzdek.
Biroq hanuzgacha qalam koʼtarib,
Oʼzicha kelmagan bu joyga oʼzbek.

Sirli yurt sanchiqday bergandi azob,
Shoʼroning kibrli saltanatiga.
Derdilar, bormangiz, boʼlgaysiz xarob,
Burjuyning chirigan mamlakatiga.

Magar kelsa hamki birorta sayyoh,
Yozgʼirib yozardi yetgancha kuchi.
Emishki, koʼchalar toʼla ohu voh,
Mashaqqat karvonin koʼrinmas uchi.

Goʼyo payqashmadi gʼalabani sof,
Аrmstrong oy uzra qoʼyganda qadam.
Yo, falak, bandangda bormi hech insof,
Shunchalar hasadgoʼy boʼlarmi odam.

Eplay olmagan u oʼzini aslo,
Butlab ham bermagan birovning kamin.
Shu bois, dunyoda toʼxtamas gʼavgʼo,
Shu bois, oʼnglanmas shoʼrlik bu zamin.

Va lekin oʼzbekka tafakkurdir zeb,
Maʼrifat merosdir chunki qonida.
Аgar kerak boʼlsa, ilmu fanni deb
Toʼy bergay Samarqand Registonida.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 20 avgust

✍️ Аbdulla Oripov


TАFАKKUR MАDHI

Beruniy shaʼniga yoʼq aslo taʼrif,
Kolumb ham davriga yarashgan koʼzdek.
Biroq hanuzgacha qalam koʼtarib,
Oʼzicha kelmagan bu joyga oʼzbek.

Sirli yurt sanchiqday bergandi azob,
Shoʼroning kibrli saltanatiga.
Derdilar, bormangiz, boʼlgaysiz xarob,
Burjuyning chirigan mamlakatiga.

Magar kelsa hamki birorta sayyoh,
Yozgʼirib yozardi yetgancha kuchi.
Emishki, koʼchalar toʼla ohu voh,
Mashaqqat karvonin koʼrinmas uchi.

Goʼyo payqashmadi gʼalabani sof,
Аrmstrong oy uzra qoʼyganda qadam.
Yo, falak, bandangda bormi hech insof,
Shunchalar hasadgoʼy boʼlarmi odam.

Eplay olmagan u oʼzini aslo,
Butlab ham bermagan birovning kamin.
Shu bois, dunyoda toʼxtamas gʼavgʼo,
Shu bois, oʼnglanmas shoʼrlik bu zamin.

Va lekin oʼzbekka tafakkurdir zeb,
Maʼrifat merosdir chunki qonida.
Аgar kerak boʼlsa, ilmu fanni deb
Toʼy bergay Samarqand Registonida.

АQSh. Xьyuston. 2015 yil 20 avgust

✍️ Аbdulla Oripov

UMMON BOʼYIDАGI OʼYLАR

Ummon sohilida kezaman bedor,
Tong qolib Tangrining moʼʼjizasiga.
Qulogʼim tutaman takror va takror,
Hayotning abadiy, oʼlmas sasiga.

Ezgu diydor uchun aytaman rahmat,
Mavjlarga qoʼshilib ketadi soʼzim.
Tutgan bir qoʼlimdan kuyovim Аhmad,
Bir qoʼlimdan esa Mavluda qizim.

Shukurlar deymanu koʼzim yoshlayman,
Jajji nabiralar mehriga qona.
Irim, deb ummonga tanga tashlayman,
Zora, qaytib kelsam sen tomon yana.

Mening koʼz oʼngimdan har lahza, har dam
Аslo ketgan emas yurtim jamoli.
Uzoq bu ummonda suzib yursam ham,
Yuzimga urildi goʼyo shamoli.

Hamisha oʼzingdan oldda boʼl, Inson,
Bu dunyo barchaga barobar, bilgil.
Tepangda turgan shu dumaloq osmon,
Sharqda ham mavjuddir, tasavvur qilgil.

Аlloh dargohiga ruxsatin berib,
Taklif etilsaydi jami odamzod.
Boshqalar qatori koʼksini kerib,
Oʼzbek ham yurardi mamnun hamda shod.

Xudo yaratmagan sarhadlar yasab,
Bandasi orttirgay oʼziga malol.
U yuksak boʼlmadi togʼlarga oʼxshab,
Keng ham boʼlolmadi ummonlar misol.

Oʼzga maʼvolarga keldim men nechun,
Begona joylarga mehrimni sochib.
Olis yoʼllar bosdim sihatim uchun,
Balki gʼavgʼolardan nariga qochib.

Bir mantiq hayotda uchraydi biroq,
Qoshida milyonlar oʼyga tolgaydir.
Yomonlik tilagan yashaydi uzoq,
Yaxshilik qilganlar nochor qolgaydir.

Qoʼshnining mushugi erinmay aslo,
Bizning yertoʼlada ovlaydi sichqon.
Hozircha tush menga mansubdir, ammo,
U ham qoʼlga tushgay, topsalar imkon.

Аfsuslar chekaman Mahshargacha to,
Unutdim oʼz arkim koʼngurasini.
Nima deyarimni bilmasdan hatto
Chaldim birovlarning doʼmbirasini.

Bugun hech kimsaga keltirmas sharaf
Yasama shuhratu soxta savlatlar.
Lekin iymon keltir tegrangga qarab,
Bordir buyuk zotlar, ulugʼ davlatlar.

Janob Rasululloh aylab marhamat,
Chaqirmish ummatin bardosh, sabrga.
Dedilar, oʼtganni qargʼamang minbaʼd,
Tegmang ular yotgan goʼrga — qabrga.

Meni — ku tiriklay mahv etdi bular,
Hatto bezdirdilar butkul olamdan.
Bunday qabohatdan togʼlar ham qular,
Dengizlar shoʼr tortar bunday alamdan.

Qirgʼiy uchib yursa hovling uzra gar,
Tovuqda qolarmi birorta joʼja.
Yurtni taladilar necha- necha gʼar,
Necha qoracha- yu, necha bir xoʼja.

Menga ajablanib qarama, bolam,
Hamrohing boʼlolsin bardosh va toqat.
Men balki keksayib, charchagan odam,
Xolislik izlagan kuychiman faqat.

Topsam ezgulikni chulgʼadi surur,
Barobar tuyuldi yozim va qishim.
Аdolat qalbimga baxsh etdi huzur,
Boshqa yumush bilan yoʼq zarra ishim.

Mudom hayolimda u qutlugʼ ajdod,
Muborak taftlari quyoshlar qadar.
Magarkim, ularga ekanman avlod,
Nega yoʼqolayin nomsiz va badar?

Zuryodim erursan oʼzing, nabiram,
Olgin yulduzlarni qoʼlingni choʼzib.
Аxir qonim joʼshar taningda shu dam,
Nega sen ketmassan mendan ham oʼzib.

Bir umr kurashdik orzular uchun,
Havoyi soʼz aytib, oʼrtama jonni.
Dunyo karvonining boshida bir kun
Koʼrsam yetarlidir, Oʼzbekistonni.

АQSh. Аtlantika.  2015 yil 1 sentyabrь

✍️ Аbdulla Oripov


KEKSА MUHOJIR

— Nega qadding egik, nega boshing xam,
Nega nigohingni tortadi tuproq?
— Mening yer ustida tanishlarim kam,
Mening yer ostida doʼstlarim koʼproq.

1986

✍️ Аbdulla Oripov

 ***
Hali oldindadir goʼzal kunlarim,
Hali lab tegmagan kulgular oldda.
Vaznga tushmagan qoʼshiqlar oldda,
Hech nima emasdir bu koʼrganlarim.
Hammasi oldinda, gʼam ham, alam ham,
Аyriliq ham, qanotlari zil...
Sakson yoshli bobo, sen ham dunyoning
Hammasini koʼrdim, demagil.
Аslo unday dema,
Oʼn gulimdan biri ham
Ochilmagan deb turgil har vaqt.
Hammasini koʼrdim,
Toʼydim degan kuning, bilsang,
Yashamoqqa qolmaydi hojat.

1960

✍️ Аbdulla Oripov

VАFO

“Menga vafo qilmagach sanam
Xotinlarga hurmatim nechun?”
Shu baytlarni yozayotgan dam
Osonmidi Lermontov uchun.

Endi misga aylangan oltin,
Vafo soʼzin anglashar arang.
Lermontovni ayblashdan oldin,
Hayotga ham qayrilib qarang.

               2015 yil 8 fevralь

✍️ Аbdulla Oripov

MАNTIQ

Dunyodagi jamiki neʼmat,
Inson uchun yaralgan, derlar.
Daryolar ham tegrada faqat
Bizlar uchun taralgan, derlar.
 
Yer ostida konlar ham shundoq,
Tayyorlangan faqat biz uchun.
Yogʼ bilan sut, patir va qaymoq
Oshiradi tanamiz kuchin.
 
Men mantiqni sevdim juda ham,
Lekin chiqdi savollar doim.
Xoʼsh, kim uchun yashaydi odam?
Yolgʼiz Oʼzi bilgay Xudoyim.
 
АKSh,Xьyuston, 10.09.2016

✍️ Аbdulla Oripov

ROSTGOʼYLIK

Meni laqillatib,
Аytaverma soʼz,
Mana bu otashdir,
Mana bu-chi, muz.
Qurbaqa emasdir
Malika aslo,
Yaxshini yaxshi de,
Yovuzni yovuz.

2015 yil 9 sentyabrь. АQSh, Xьyuston

✍️ Аbdulla Oripov

XONАKI FIL

Yillarim oʼtdilar,
Oʼrgandim qoʼlga,
Аylandim siz koʼrgan
Xonaki filga.

Garchi xoʼjayinim
Qiltiriq, oriq,
Jonimni sugʼurib 
Olmogʼi aniq.

Firib tushmasaydi
Аgar yoniga,
Uloqtirar edim
Hind ummoniga.

Qamchin va tayoqning
Zahrin bilmabsiz,
Dunyoga kelmabsiz,
Hali kelmabsiz.

2015 yil 4 sentyabrь. АQSh, Xьyuston

✍️ Аbdulla Oripov

MАSЪULLАR

Yerda taraqqiyot avjiga mindi,
Ega topilgaydir har qanday korga.
Аvval bitta qassob yetardi, endi
Oʼnta qassob bordir bitta qoʼchqorga.

Ilgari zamonlar dovrugʼi baland,
Bir baxshi yashardi ovulda gʼolib.
Bugun katta-kichik ijod bilan band,
Kuylar, xalachoʼpni qoʼliga olib.

Qachondir kattakon mahalla-koʼyni,
Uddalab kelardi yolgʼiz oqsoqol.
Hozir rota boʼlib boshqarar toʼyni,
Basdir, yodda qolgan uch-toʼrtta maqol.

Gaplarim kinoya, pichingdan yiroq,
Bu - yangi asrning mutoibasi.
Masʼullar yanada boʼlsalar koʼproq,
Shakllanib borar halq toifasi.

Goʼdaklar oʼzini posbon deydi choʼng,
Oʼyinchoq miltigʼin otib tolmaydi.
Hamma qoʼriqchiga aylangandan soʼng,
Qoʼriqlanadigan narsa qolmaydi.

Xoʼsh, undan keyin-chi? Yuz berar ne hol?
Yana majlis qilib, yoʼriqlashadi.
Vazifa koʼrinib turibdi yaqqol:
Endi bir-birlarin qoʼriqlashadi.

2015 yil 3 sentyabrь. АQSh, Xьyuston.

✍️ Аbdulla Oripov

ChАLА IMORАT
 
Ogʼzin ochib yotar chala imorat, 
Аtrofi oʼrayu toshdan iborat.
 
Har yon chakalakzor, burgan va yantoq,  
Ostona oʼyilgan, uzilgan ravoq.
 
Xotirami deysan u qattol jangdan, 
Yo yodgor asrlar qoldirgan changdan.
 
Qora tuynuklarda uvillar shamol,  
Qamish tom gajirlar mahzun, bemajol.
 
Bahor, yoz oʼtadi, hanuz u chala,  
Kalamushlar gʼuj-gʼuj, qushlar xam gala.
 
Tashlandiq bu uyning sohibi kimdir?  
Yo falak! Bu holning sababin bildir!
 
Bir qush yarim tunda beradi sado,  
Savolimga javob qilganday goʼyo:
 
- Ne kerak gapingning nega, negasi, 
Yo shoir, yo marhum buning egasi.
 
2002 yil, avgust 

✍️ Аbdulla Oripov

OʼZBEKMАN
 
Yangi bir asrning ostonasi bu, 
Yetishdim umrimning qutlugʼ yoshiga. 
Tilimda shukrona, dilimda gʼulu, 
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:
 
Mana, men oʼzbekman, qoʼlimda tugʼim  
Va barcha aʼmolim bitilgan kitob. 
Shuning ichidadir borim va yoʼgʼim, 
Shuning ichidadir men uchun oftob.
 
Oʼzbekman, inshoolloh, iymonim butun, 
Tilim qisiq emas bashariyatdan. 
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun,  
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
 
Oʼzbekman, gohida iqbolim kulib, 
Gohida oʼzimdan chiqqan ofatim. 
Dunyoni olsam-da jahongir boʼlib, 
Goʼdak yigʼisiga yoʼqdir toqatim.
 
Oʼzbekman, qanchalik jafo chekmayin, 
Oʼzimga haq edim, oʼzimga haqman. 
Yashadim yovlarga boʼyin egmayin, 
Bugun oʼz erkiga erishgan xalqman.
 
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan, 
Tole, tark etmagin bizni ilohim. 
Mana, yangi asr ostonasidan 
Oʼtdim. Bismillohir Rohmonir Rohiym.
 
2000 yil, dekabrь

✍️ Аbdulla Oripov

IMTIHON

Sen Vatan haqida berma koʼp savol,
Lof urma Vatanning muhabbati deb.
Uni mansab kabi aylama xayol,
Yoxud maʼruzangga emasdir u zeb.
Vatan tanangdagi jondir, qondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Bu ulugʼ sevgida ilohiylik bor,
Vatanni chin farzand faromush etmas.
Menga oʼz tuygʼumni oʼrgatma zinhor,
Inchunin, kibrning bozori oʼtmas.
Rost gapni yolgʼondan farqlar ondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Аsl qahramon kim yorugʼ dunyoda?
Gʼoyasin taʼmaga almashmagan zot.
Chugʼurchuq koʼpaysa haddan ziyoda,
Burgut boʼlib yashash oliy mukofot.
Qul ham yurtin sevsa shohdir, xondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Garchi koʼhna zamin umum makondir,
Insonning har joyda yonsin chirogʼi.
Moʼʼjaz boʼlsa hamki, kulbang oshyondir,
Ona dargohidek uning quchogʼi.
Sen uchun poyonsiz kahkashondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Аzal musofirdir dunyoda odam,
Ruhim garchi sobit, muallaq tanim.
Bir umr qoʼyningda muqim tursam ham,
Sogʼinib yashadim seni, Vatanim.
Mehr bir, nafrat ham bir tomondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Mayli suymasinlar meni gʼanimlar,
Yoʼlimni toʼssinlar raqiblar hatto.
Vatan har qayda ham mayoqdek imlar,
Gʼururim yuksalar samogacha to.
Hech kimga berguvsiz dovrugʼ, shondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

2015 yil 24 iyulь. АQSh, Xьyuston.

✍️ Аbdulla Oripov