Adib dahosiga munosib baho

Adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish adiblarning adabiy merosini sinchiklab o‘rganish ular ilgari surgan g‘oyalarni tahliliy nazardan o‘tkazish bilan ham bog‘liq. Prezidentimiz e’tirof etganlaridek, xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatuvchi adabiyot odamlar qalbiga yo‘l topish va ularni ezga maqsadlar sari ilhomlantirishda ta’sirchan kuch ekanini bilish va anglash kishi diliga huzur baxsh etadi. O‘zbekiston qahramoni, Davlat madhiyamiz matnining muallifi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ijodining targ‘iboti va tashviqoti masalasiga Toshkent  irrigatsiya qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi jiddiy kirishgani va bu borada ancha ishlarni amalga oshirayotgani quvonarlidir. Institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevichning rahbarligida adib ijodiyoti va faoliyatiga doir yangi ma’lumotlarni to‘plash va tadqiq etish vazifasi zimmamizga yuklangani bizga chinakam ma’noda shu yo‘sindagi ish rejasi va yo‘l xaritasining shakllanishiga imkon tug‘dirdi.

Institutda ham adibning ijodini targ‘ib qilish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar garchi onlayn tarzda bo‘lsa ham allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, bu ishga bevosita mutasaddi sifatida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurat Choriev “O‘zbekiston – 24” telekanaliga bergan intervyusiga muvofiq, ayni paytda tuzilgan ish rejasiga ko‘ra, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil qilish, adibning ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan onlayn-vebinarlar tashkil etish, adib tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash  va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov to‘g‘risida hujjatli film yaratish, institutda “Abdulla Oripov izdoshlari” to‘garagini tashkil etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish institut tomonidan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaqinda Abdulla Oripovga bag‘ishlangan onlayn forum tashkil etildi. Unda ulug‘ shoirning rafiqasi va qizlari, hozirda Amerikada yashayotgan katta qizlari Mavluda Oripovalar ishtirok etishdi. Shuningdek, adib ijodiyotini, uning serqirra faoliyati va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini yoritish, tahlil etishga qaratilgan "Tafakkur tomchilari" ruknidagi turkum ko‘rsatuvlarni tayyorlash boshlandi. Ular haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishni istagan zamondoshlarining suhbatlaridan talabalarimizni bahramand qilish uchun "Intervyu burchagi" videodasturi ham tashkil etildi. Ayniqsa, Abdulla Oripov she’rlarini ovozli shaklda, ya’ni audiodisklarni tayyorlashga ham kirishilgani e’tiborga molik. Abdulla Oripov she’riyatidan ta’sirlangan talabalarimizning ijodiy namunalaridan tuzilgan "Ilhom buloqlari" nomli to‘plamni ham rektorimiz so‘z boshisi bilan alohida kitob holida chop ettirilgani shu yo‘ldagi muhim qadamdir.

 Ana shu vazifalar sirasida amalga oshirilgan yana bir xayrli ish tarbiyachi pedagog Dilorom Sagdullaevaning kuni kecha shoir xonadoniga borib, ularning rafiqalari bilan samimiy suhbat tashkil etib qaytgani bo‘ldi. Dilorom Sagdullaeva ulug‘ shoirning ayollari Hanifa ona bilan uchrashuvlarini shunday hikoya qiladi. “Ular meni ochiq yuz va tabassum bilan kutib oldilar. Institutimiz jamoasi tomonidan qilinayotgan ishlardan xursandchiligini aytib meni ichkariga taklif etdilar. Hovlidan kirar ekanman, chiroyli, anvoyi gullar beixtiyor meni o‘ziga jalb etdi. Abdulla Oripovning muhtasham haykali oilasining mehrparvar qo‘riqchisi, mustahkam qo‘rg‘onidek taassurot uyg‘otdi menda. Dastlab gullar haqida Hanifa onani savolga tutdim. Hanifa ona bu gullarni o‘zlari  yetishtirganlarini va ayrim ko‘chatlarni chet ellarga borishganida keltirganlarini aytdilar. Abdulla akangizga ilhom baxsh etadigan hovlimizning go‘zal bo‘lishi uchun harakatlarim besamar ketmagan deb qo‘ydilar Hanifa ona. Abdulla akaning juda mehmondo‘st bo‘lganlarini, deyarli har kuni uylariga mehmonlar tashrif buyurishlarini e’tirof etdilar. Yelib-yugurib xizmat qilish menga zavq berardi, - dedi ular. So‘ngra psixolog bo‘lganim uchunmi  Abdulla akaning tabiati, xarakteri haqida so‘radim. Abdulla akangiz ko‘p xayol surib, ko‘p o‘ylab o‘tirardilar. Odatda, bunday paytda yangi bir she’rning yaralishiga sabab bo‘lardi. O‘shanday holatda men ularni bezovta qilmas edim. Ular har bir qayg‘u va g‘amni ham yuragiga olar edilar. O‘ta ta’sirchan edilar. Yoxud tanishlaridan kimdir olamdan o‘tsa o‘sha kuni g‘amgin bo‘lib ko‘p siqilardi. Biron xabar bo‘lsa, ularning kayfiyati va ruhiyatiga qarab ohista aytar edim.

 

So‘ngra Hanifa ona meni Abdulla Oripovning ijodxonasiga olib kirib tanishtirdilar. U yerda adibning ko‘pgina kitoblari, turli davrlarda tushilgan suratlar, chop etilmagan 500dan ortik she’rlariga ko‘zim tushdi. Agar uy muzeyi ochilsa, barchasini muzeyga topshirishini aytib o‘tdilar.  Shuningdek, shoirning dam olish va ovqatlanish xonalarini ko‘zdan kechirdim. Yana bir xona beixtiyor diqqatimni o‘ziga tortdi. U yerda qo‘l mehnati bilan yaratilgan milliy sirg‘a va tasbehlar bor bo‘lib, ularni bo‘sh vaqtlarida Hanifa onaning o‘zlari yasagan ekanlar. Hanifa ona Abdulla Oripov fondini ochish kerakligi haqidagi taklifni bermoqchi ekanligini aytib, bu fond iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan bo‘lishi kerakligini e’tirof etdilar. Har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turadi deyishadi. Ularning ham buyuk ayol ekanliklariga amin bo‘ldim. Shoirni shoir  qilgan aslida, umr yo‘ldoshlari bo‘lar ekan. Chunki ularning asosiy ilhom parilari ana shu vafodor va jafokash ayollari ekanini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak.

Prezidentimizning 2019 yil 6 mart kuni qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh xotin-qizlar Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan mukofotlandi. Ular orasida atoqli olimlar, shoir va adiblarning sadoqatli umr yo‘ldoshlari ham bor edi. Farmonga binoan O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa Mustafaeva “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangani bilan institutimiz jamoasi  nomidan tabriklashni ham joiz bildim.” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 24 martda tasdiqlangan «Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini kompleks rivojlantirish, jumladan, tog‘li hududlarda ekologik turizmni rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi»da 2019 yil 9 maydan boshlab har yili Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan «GOLDEN WORD» xalqaro adabiyot festivalini o‘tkazish vazifasi belgilangani ham muhim ijtimoiy hodisadir.  

Biror-bir davra yo‘qki, uning she’rlari yangramasa. Har kuni madhiya bilan uyg‘onamiz, madhiya bilan uyquga ketamiz. Ustoz xalqimiz qalbidan o‘zining bebaho ijodi, o‘tli satrlari, olmos fikrlari bilan o‘rin olgan ijodkor. Abdulla akaga nasib etgan baxt, martaba hamma ijodkorlarga ham nasib qilavermaydi. Xo‘sh, bugun bizning shoir oldidagi vazifamiz nima? Ayniqsa, yoshlarning vazifasi nima, degan savollarga shunday javob berish mumkin. Abdulla Oripov she’rlaridagi mazmun-mohiyatni, hikmatni chaqish kerak, kelajak avlodlarga bu bebaho merosni bus-butun yetkazish kerak. Aytish joizki, o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglash, mustaqillik uchun kurashlarida Abdulla Oripov she’riyati alohida o‘ringa ega. Muhabbat, ona, hayot, mehr, istiqlol, ezgulik kabi turli mavzularni qamrab olgan adib she’rlari inson qalbini larzaga solmay qo‘ymaydi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qarshi shahri markazida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining faoliyat boshlagani, maktab xiyobonida shoir haykali qad rostlagani, shuningdek, maktab negizida adibning barcha asarlari va boshqa ijodkorlar kitoblaridan iborat kutubxona va muzey tashkil etilgani adib xotirasiga mehhrli ehtirom nishonasidir.

TIQXMMI matbuot xizmati